Logo

XIII asrga oid qasr 1 yevroga sotuvga qo‘yildi

Kecha 17:352 daqiqa

Uni to‘liq ta’mirlash uchun 20 mln yevro atrofida mablag‘ talab qilinadi. Xaridor 1012 kvadrat metr bo‘lgan ko‘chmas mulkni qo‘lga kiritishi mumkin.

XIII asrga oid qasr 1 yevroga sotuvga qo‘yildi © Foto: Bild

Germaniyaning Bad-Dyuben shahri ma’muriyati 800 yillik Shnadits qasrini investorlarni jalb qilish maqsadida atigi 1 yevro narxda sotuvga qo‘ydi. Bu haqda «Bild» nashri xabar berdi.

Shahar meri Matias Mitning nashrga aytishicha, qasr nafaqat shahar, balki butun Saksoniya hududi uchun ham muhim ahamiyatga ega. U binoga zarar yetkazilmasdan, saqlab qolinishini istashini bildirgan.

Shnadits qasri Germaniyaning Saksoniya federal yeridagi Bad-Dyuben shahrining shu nomli hududida joylashgan. U taxminan 1237-yilda qurilgan. Qasrning umumiy maydoni 1012 kvadrat metr bo‘lib, uning ichida yashash xonalari, ritsarlar zali va ikkita minora bor. Qasr yonida 1794-yilda barpo etilgan bog‘ ham mavjud.

Shahar meri «MDR» nashriga bergan intervyusida qasrni qayta tiklash bo‘yicha ko‘plab rejalar bo‘lgani, ammo byurokratik to‘siqlar tufayli ularni amalga oshirish qiyin kechganini aytdi.

«Bu yerda hatto kichik bir o‘zgarish qilish uchun ham barcha ishlar batafsil hujjatlashtirilishi kerak. Bu esa ta’mirlash jarayonini bir necha oyga, hatto yillarga kechiktiradi», — dedi Mit.

Uning fikricha, qasr o‘rnida mehmonxona, qariyalar uyi, o‘quv markazi yoki internat maktabi tashkil etish mumkin. Biroq bunda binodan foydalanishga tayyorlash va uni qayta ta’mirlash uchun katta mablag‘ talab etilishini hisobga olish zarur.

Merning ma’lum qilishicha, qasrni to‘liq ta’mirlash uchun kamida 20 million yevro kerak bo‘ladi.

Iyun oyida Luksemburgda XII asrga tegishli Ansemburg qasri joylashgan mulk ham sotuvga qo‘yilgan edi. Uning narxi 37,5 million yevro etib belgilangan. Qasr vodiyda joylashgan bo‘lib, Luksemburgdagi yagona xususiy qasr hisoblanadi. Ushbu mulk uchun so‘ralgan narx mamlakat tarixida turarjoy obyekti bo‘yicha eng qimmat taklif bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 30 yil shaxsiy kolleksiyada saqlangan asar 80 million dollarga sotilishi mumkinligi haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid

XIII asrga oid qasr 1 yevroga sotuvga qo‘yildi | Vaqt.uz