Logo

Davlat aktivlari agentligi binosi sotildi

Kecha 15:531 daqiqa

O‘tgan yili auksionga qo‘yilgan ma’muriy binoning yakuniy narxi boshlang‘ich bahosidan 86,1 mlrd so‘mga oshib ketdi.

Davlat aktivlari agentligi binosi sotildi © E-auksion

Toshkent shahrida joylashgan Davlat aktivlarini boshqarish agentligining ma’muriy binosi ochiq auksionda 251,6 milliard so‘mga sotildi.

Auksion tafsilotlari

Ushbu xususiylashtirish jarayoni 2025-yilning avgust oyida boshlangan edi. O‘sha vaqtda obyekt 165,5 mlrd so‘m boshlang‘ich narx bilan auksionga chiqarilgan. Savdolar jarayonida binoning narxi boshlang‘ich bahosidan 86,1 mlrd so‘mga, ya’ni 52 foizga oshib ketdi.

Xaridor haqida

Savdolarda «JARKURGAN BUILD GROUP» mas’uliyati cheklangan jamiyati g‘olib chiqdi. Korxona asosan ko‘p qavatli turar joy binolarini qurish hamda ta’mirlash bilan shug‘ullanadi va yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiradi. Uning ustav kapitali 28,6 mlrd so‘mni tashkil qiladi.

Korporativ axborotlar yagona portalidagi ma’lumotlariga ko‘ra, MCHJ ta’sischilari ikkita:

— «PALACE OF ENERGY» MCHJ — 61,51 foiz;
— Siddikov Dilmurod Nasirovich — 38,49 foiz.

Shuningdek, korxonaga ta’sischilardan biri Dilmurod Siddikovning o‘zi rahbarlik qiladi.

Ma’lumot uchun: Davlat aktivlari agentligi binosi sotilganidan keyin 3 yil muddat ichida bo‘shatib beriladi. Xaridor obyektdan faqatgina u bo‘shatilgandan so‘ng foydalanish huquqini qo‘lga kiritadi. Shuningdek, yangi egasi shaharsozlik normalariga rioya qilgan holda, bino negizida ofis va xizmat ko‘rsatish faoliyati turini saqlab qolish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning 4-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan onlayn savdolarda poytaxtda qad rostlagan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining ma’muriy binosi 287,14 milliard so‘mga sotilgani xabar qilingandi.

Teglar

Mavzuga oid

Davlat aktivlari agentligi binosi sotildi | Vaqt.uz