Logo

O‘zbekistonda dividend to‘lovlari hajmi 6 barobardan ziyodga oshdi

Bugun 16:332 daqiqa

10 oyda mamlakatdagi aksiyadorlarga Markaziy depozitariy orqali jami 7,8 trln so‘mdan ortiq dividend to‘lab berildi.

O‘zbekistonda dividend to‘lovlari hajmi 6 barobardan ziyodga oshdi © Foto: Uza

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi O‘zbekiston kapital bozorining 2026-yil yanvar–oktabr oylaridagi faoliyatiga oid ma’lumotlarni e’lon qildi.

2026-yilning 1-noyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi aksiyadorlarga Markaziy depozitariy orqali jami 7,8 trln so‘mdan ortiq dividend to‘lab berilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6 barobardan ko‘proqni tashkil etadi.

Hisobot davrida mamlakatdagi aksiyadorlar soni 10,8 foizga o‘sib, 1 mln 122 ming nafardan oshdi. Ularning asosiy qismini jismoniy shaxslar tashkil etmoqda.

Xususan, jismoniy shaxslar bo‘lgan aksiyadorlar soni bir yilda 108 mingdan ziyodga ko‘payib, 1 mln 56 ming nafarga yetdi. Obligatsiya egalari soni esa 1,8 barobarga oshib, 4 ming nafardan oshdi.

Qimmatli qog‘ozlar bozori o‘sdi

Korporativ obligatsiyalar chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,6 barobar oshib, 8,2 trln so‘mdan oshdi. Ularning birlamchi va ikkilamchi bozordagi savdo hajmi esa 6,1 trln so‘mni tashkil etib, yil davomida 8 barobardan ko‘proq o‘sdi.

Shuningdek, bozorda ilk bor 200,9 mlrd so‘mlik ipoteka obligatsiyalari chiqarildi. Umumiy qiymati 100 million dollarga teng bo‘lgan beshta valuta obligatsiyasi chiqarilishi ham ro‘yxatga olindi.

«Toshkent» respublika fond birjasida 2026-yilning 10 oyi davomida qimmatli qog‘ozlar savdosi hajmi 16,6 trln so‘mni tashkil etdi. Tuzilgan bitimlar soni esa 2,8 barobarga o‘sib, qariyb 1,1 milliontaga yetdi.

Investorlar huquqlari himoyasi

Investorlar huquqlarini himoya qilish doirasida hisobot davrida sudlar tomonidan ular foydasiga 19,1 mlrd so‘mlik dividendlarni undirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.

Agentlik tomonidan kiritilgan 14 ta da’vo arizasining 13 tasi to‘liq qanoatlantirildi. Shuningdek, 71 ta ma’muriy bayonnomaning 67 tasi bo‘yicha sud qarorlari chiqarildi. Bozor ishtirokchilariga bajarilishi majburiy bo‘lgan 200 dan ortiq ko‘rsatma yuborildi.

Litsenziyalash yo‘nalishida investitsiya vositachilariga beshta, ishonchli boshqaruvchilarga ikkita litsenziya berildi. Investitsiya maslahatchisi faoliyati bo‘yicha uchta xabardor qilish xususiyatidagi hujjat rasmiylashtirildi. Litsenziya egalarining tashabbusi bilan o‘nta litsenziya bekor qilindi, yana bittasining amal qilishi olti oyga to‘xtatildi.

Hisobot davrida agentlikka investorlardan 358 ta murojaat kelib tushdi. Bu o‘tgan yilning shu davridagi 585 ta murojaatga nisbatan kam. Murojaatlarning 249 tasi jismoniy, 109 tasi yuridik shaxslar tomonidan yuborilgan. Ularning 348 tasi ko‘rib chiqilgan, qolgan o‘ntasi esa o‘rganilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 9-noyabr kuni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi kripto-do‘kon faoliyatini amalga oshirish uchun «C-STORE» MCHJga litsenziya bergandi.

Teglar

Mavzuga oid