Logo

Orolni qutqarish uchun 3,3 mlrd dollarlik 133 ta loyiha amalga oshiriladi

Kecha 19:502 daqiqa

Pullarni Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yashil iqlim jamg‘armasi, Global ekologik jamg‘arma hamda boshqa xalqaro tashkilotlar beradi.

Orolni qutqarish uchun 3,3 mlrd dollarlik 133 ta loyiha amalga oshiriladi © Fofo: wikipedia

Orol dengizi havzasida suv resurslari, ekologiya va ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishlarni qamrab olgan 133 ta loyiha ishlab chiqilgan va loyihalarning qiymati 3,3 milliard dollarni tashkil etadi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ular Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yashil iqlim jamg‘armasi, Global ekologik jamg‘arma hamda boshqa xalqaro tashkilotlar ko‘magida moliyalashtiriladi. Ushbu loyihalar doirasida suv xo‘jaligi inshootlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, suv resurslarini taqsimlash, hisobga olish hamda monitoring qilishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish, gidrometeorologik ma’lumotlar monitoringi, toshqinlar va qurg‘oqchilik bo‘yicha prognozlash hamda erta ogohlantirishning mintaqaviy raqamli platformasini yaratish, aholini ichimlik suvi va sanitariya xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish kabi ko‘plab chora-tadbirlar ilgari suriladi.

Prezident ushbu loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish muhimligini ta’kidlab, kelgusi yilda bajariladigan ishlarga doir oylar kesimida «yo‘l xaritasi»ni tasdiqlash va ijrosini tashkil etishni topshirdi. Loyihalarni hayotga tatbiq etishga xalqaro ekspertlar, professor-olimlar va xorijdagi vatandoshlarimizni ham jalb etish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi. O‘zbekiston 2027–2029-yillarda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik qiladi.

O‘zbekistonning raisligi davrida jamg‘arma tuzilmasi va shartnomaviy-huquqiy bazasini takomillashtirishni davom ettirish, uning organlari vakolatlarini aniq taqsimlashni ta’minlash, Afg‘oniston bilan konstruktiv hamkorlikni mustahkamlashga alohida ahamiyat beriladi. Jamg‘arma kun tartibini Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari qarorlari bilan uyg‘unlashtirish va boshqa ko‘plab masalalar e’tibor markazida bo‘ladi.

Amudaryo va Sirdaryo havzalari bo‘yicha ma’lumotlarning yagona bazasi yaratiladi, cho‘llanishga qarshi mintaqa olimlari bilan qo‘shma loyihalar ishlab chiqilib, investitsiya va grant mablag‘lari jalb qilinadi, Markaziy Osiyo va Afg‘oniston uchun suv xo‘jaligi bo‘yicha bakalavriat va magistratura dasturlari ishga tushiriladi.

O‘zbekistonning Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raisligi davrida rejalashtirilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq amalga oshirish, bunda mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni yanada faollashtirish, viloyat hokimlarining ishtirokini ta’minlash, qo‘shma ta’lim va tadqiqotlar orqali mintaqada suv diplomatiyasini yangi bosqichga olib chiqish vazifasi qo‘yildi.

Teglar

Mavzuga oid