
Armaniston endi Rossiyaning “ukasi” emas — prezident
13.09.2025 | 11:3031744
Uning fikricha, Armaniston hukumati mustaqil qarorlar qabul qilishda Rossiya hamkorlari tomonidan hurmat bilan qarshi olinishi kerak.

Armaniston prezidenti Vaagn Xachaturyan Rossiya endi Armanistonni «kichik uka» sifatida ko‘rmasligini, aksincha mamlakatlar o‘rtasida teng sheriklik munosabatlari o‘rnatilganini ma’lum qildi.
«Hozirda Rossiya bilan munosabatlarimiz butunlay o‘zgacha -— teng sheriklik asosida. Rossiyaning Armanistonga munosabati katta aka-kichik ukadek emas, balki oddiy sheriklik munosabatlaridir. Aslida, so‘nggi to‘rt yil davomida biz aynan shunday munosabatlarga erishishga intilgan edik», - dedi Xachaturyan RTVI’ga bergan intervyusida.Prezident ta’kidlashicha, Yerevanda Rossiya hamkorlari Armaniston hukumatining mustaqil qarorlariga hurmat ko‘rsatishiga umid qilmoqda. Shuningdek, u Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Aleksey Overchukning Armaniston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida tanlov qilishi kerakligi haqidagi bayonotiga munosabat bildirdi. Xachaturyanning fikricha, Armaniston iqtisodiyoti xilma-xil bo‘lib, uni faqat bir yo‘nalishga bog‘lab qo‘yib bo‘lmaydi.
«Bu nimani anglatishini Overchukdan so‘rash kerak. Har holda, hozircha bizga hech kim hech narsa demayapti va biz hech qanday qoidani buzmayapmiz. EOIIga nisbatan mavjud shartlar bo‘yicha ishlamoqdamiz. Iqtisodiy jihatdan Yevropa Ittifoqi bilan mavjud shartlar asosida ham faoliyat yuritmoqdamiz. Har holda, shu paytgacha hech qanday muammo yuzaga kelmadi», - deya izoh berdi Armaniston prezidenti.4 aprel kuni Armaniston prezidenti Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonini boshlash haqidagi qonunni imzolagan edi. Ammo Bosh vazir Nikol Pashinyan bu jarayon avtomatik tarzda amalga oshmasligini, masala referendum o‘tkazilishini talab qilishini eslatib o‘tdi. Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksey Overchuk Yerevanning YeI bilan integratsiya qadamlarini Armanistonning YeOIIdan chiqishining boshlanishi sifatida baholagan. Biroq Armaniston iqtisodiyot vaziri Gevorg Papoyan mamlakat hozircha YeOIIdan chiqish niyatida emasligini ta’kidladi.





