Logo

O‘zbekistonda tijorat banklarining moliyaviy ommaboplik reytingi joriy etiladi

Bugun 11:091 daqiqa

Mazkur reyting orqali banklarning aholi va tadbirkorlar uchun moliyaviy imkoniyatlar yaratishi hamda xizmatlarni qanchalik qulay, xavfsiz va sifatli ko‘rsatishi o‘zaro taqqoslanadi.

O‘zbekistonda tijorat banklarining moliyaviy ommaboplik reytingi joriy etiladi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

O‘zbekistonda tijorat banklari uchun moliyaviy ommaboplik reytingi ishlab chiqilmoqda. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati ma’lum qildi.

Yangi reyting banklar tomonidan aholi hamda mikro, kichik va o‘rta biznes vakillari uchun ko‘rsatilayotgan moliyaviy xizmatlar darajasini baholaydi.

Xususan, moliyaviy muassasalar tomonidan yaratilgan imkoniyatlar, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning qulayligi, xavfsizligi va sifati o‘zaro taqqoslanadi.

Baholash mezonlari va reytingning asosiy maqsadi

Regulyatorning qayd etishicha, ayni paytda mazkur reyting metodologiyasi va baholash mezonlari qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Shu maqsadda, 30-oktabr kuni tijorat banklari vakillari ishtirokida maxsus uchrashuv o‘tkazildi. Ushbu yig‘ilishda dastlabki hisob-kitoblar, foydalanilgan ma’lumotlarning aniqligi hamda baholash tartibini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

«Reytingdan maqsad banklar o‘rtasida sog‘lom raqobatni rag‘batlantirish, moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va ularning ommabopligini oshirishdan iborat», — deyiladi regulyatorning rasmiy xabarida.

Ma’lumot o‘rnida, Markaziy bank 2026-yildan boshlab har chorakda mijozlar murojaatlari asosida eng salbiy ko‘rsatkichga ega bo‘lgan tijorat banklari ro‘yxatini muntazam ravishda e’lon qilib kelmoqda.

Teglar

Mavzuga oid