
Armaniston, Ozarboyjon va AQSH o‘rtasida maxfiy kelishuv tuzilgan — OAV
24.07.2025 | 09:3042463
Ispaniya nashridagi xabarga ko‘ra, AQSH, Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida Zangezur koridori bo‘yicha yashirin memorandum mavjud. Bu loyiha orqali Vashington Kavkazdagi ta’sirini oshirib, Eron bilan chegaraga chiqishni ko‘zlamoqda.

Ispaniyaning Periodista Digital nashri Fransiyadagi arman diasporasi manbalariga tayanib xabar berishicha, Armaniston, Ozarboyjon va AQSH o‘rtasida 42 km uzunlikdagi transport yo‘lagini tashkil etishni ko‘zda tutuvchi maxfiy memorandum mavjud. Bu loyiha «Tramp ko‘prigi» deb nomlangan.
Maqolaga ko‘ra, Zangezur koridori orqali Ozarboyjonning asosiy qismi Naxchivon bilan bog‘lanadi. Armaniston rasman bu hudud ustidan suveren huquqini saqlab qolsa-da, uning amaldagi boshqaruvi Amerika xususiy harbiy kompaniyasiga o‘tadi. AQSH kompaniyasi yo‘ldan tushadigan daromadning 40 foiziga egalik qiladi va 1000 nafargacha xodim bilan xavfsizlikni ta’minlaydi.
Manbalarning aytishicha, AQSH bu orqali faqat iqtisodiy emas, balki strategik maqsadlarni ham ko‘zlamoqda. Xususan, mamlakat Armaniston—Eron chegarasiga ta’sir o‘tkazish va u yerda og‘ir qurolsiz nazorat punktlarini joylashtirishni rejalashtirmoqda.
Nashr yozishicha, bu tashabbus Fransiya uchun tashqi siyosiy mag‘lubiyat bo‘ladi. Parij so‘nggi yillarda Armanistondagi ta’sirini mustahkamlashga intilmoqda, AQSH esa bu tashabbus orqali Kavkazdan to O‘rta Yer dengizi mintaqasigacha geosiyosiy ta’sirini kengaytirishni maqsad qilgan.
Hozircha bunday memorandum mavjudligini tasdiqlovchi rasmiy bayonotlar e’lon qilinmagan. Shu sababli, ushbu ma’lumotlar rasmiy jihatdan tasdiqlanmagunicha, ularni ehtiyotkorlik bilan qabul qilish lozim.





