add

Aziz Abduhakimov: «Poytaxt havosining ifloslanishi bo‘yicha favqulodda choralar samara bermoqda»

Bugun 11:253052 Daqiqa

Toshkentda ekologik muammolarni bartaraf etish uchun davlat idoralari keng vakolatli maxsus tizim asosida ish boshladi.

Aziz Abduhakimov: «Poytaxt havosining ifloslanishi bo‘yicha favqulodda choralar samara bermoqda»

Toshkentda havo sifatining keskin yomonlashuvi ortidan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi rahbari, Prezidentning ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Aziz Abduhakimov ishtirokida maxsus brifing o‘tkazildi. Uning ta’kidlashicha, yuzaga kelgan vaziyat davlat rahbariyatining doimiy nazoratida bo‘lib, qabul qilinayotgan qarorlar aniq ma’lumotlar va ilmiy tahlillarga to‘liq tayanadi.

O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, poytaxtda kuzatilayotgan yuqori darajadagi ifloslanish bir vaqtda namoyon bo‘lgan bir nechta antropogen omillar hamda tabiiy-iqlimiy jarayonlar yig‘indisi bilan bog‘liq. Ayniqsa, havoda hosil bo‘lgan kuchli inversiya iflos moddalarning past qatlamda to‘planib qolishini kuchaytirgan. Bu vertikal havo almashinuvining to‘xtashiga va ifloslanishning tez tarqalmasligiga sabab bo‘ldi.

«O‘zbekiston hozirgi kunda yuqori sur’atlarda rivojlanib kelmoqda. YAIM o‘rtacha yillik o‘sishi 6-7 foizni tashkil etmoqda. Toshkent shahri esa keng ko‘lamli urbanizatsiya jarayonini boshdan kechirmoqda. Misol uchun, agar 1991-2016-yillarda har yili o‘rtacha 2200 ta kvartira qurilgan bo‘lsa, 2017-2023-yillarda bu ko‘rsatkich 15800 taga yetdi. Avtomobillar soni ham keskin o‘smoqda. Bu ko‘rsatkich 2020-yilgi 417 mingdan bugungi kunda 624 minggacha ko‘paygan.

Ushbu faktorlar oqibatida antropogen yuklama ham proporsional ravishda o‘smoqda. Toshkent shahri va Toshkent viloyati atmosfera tashlanmalarining umumiy hajmi 2016-yildagi 345 ming tonnadan 2024-yilda 486 ming tonnagacha oshdi. Bu o‘sish — 40 foizga tengdir» — dedi Aziz Abduhakimov.

Prezident Farmoni bilan Toshkentda ekologik vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha Maxsus komissiya tuzilib, unga 2026 yil 1-martgacha quyidagi vakolatlar berildi.

Havo ifloslanishida ulushi 28 foizni tashkil qiluvchi issiqlik ta’minoti korxonalari va issiqxonalarda – mazut, shina kabi ta’qiqlangan yoqilg‘i turlarida yoki filtrlarni o‘rnatmasdan faoliyat yuritayotganlarni faoliyatini cheklash;

Transport tizimida – havoning tabiiy ifloslanish darajasi oshgan hollarda harakatni cheklash;

Sanoat korxonalarida – tashlamalar me’yorlarini o‘rnatish va ekologiya talablari buzilganda faoliyatni to‘xtatish;

Qurilish sohasida – changlarni bostirmagan va texnikalarni yuvishni tashkil etmagan qurilish tashkilotlari faoliyatini to‘xtatish.

Abduhakimovning ma’luum qilishicha, tabiiy omillar tufayli havo tezda to‘liq tiklanmaydi, shu bois antropogen yuklamani keskin kamaytirish zarur. Maxsus komissiya va davlat idoralari 24/7 rejimida faoliyat yuritmoqda. Fuqarolar ekologik qoidabuzarliklar haqida 1157 raqami orqali murojaat yo‘llashlari mumkin.

Teglar

Mavzuga oid