Logo

«Bu yurt buyuk ulamolarning vatanidir»: Afg‘oniston hukumati O‘zbekiston haqidagi bahsli bayonotni rad etdi

Bugun 21:213 daqiqa

O‘zbekistonning Kobuldagi elchixonasi vaziyat yuzasidan o‘rganish o‘tkazib, Afg‘oniston hukumatining rasmiy raddiyasini e’lon qildi.

«Bu yurt buyuk ulamolarning vatanidir»: Afg‘oniston hukumati O‘zbekiston haqidagi bahsli bayonotni rad etdi © Ijtimoiy tarmoqlar

Afg‘onistonning Fazilatlarni targ‘ib qilish va yomonliklarning oldini olish vazirligi ijtimoiy tarmoqlar va OAVda O‘zbekistonga nisbatan aytilgani iddao qilingan salbiy bayonotlar haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini bildirdi va buni faktlarni buzish deb atadi.

O‘zbekiston Respublikasining Afg‘onistondagi elchixonasi bayonoti

«Ayrim ommaviy axborot vositalarida Afg‘onistonning amaldagi hukumati rasmiysi O‘zbekiston haqida tanqidiy bayonot bergani haqida xabarlar tarqaldi. O‘zbekistonning Kobuldagi Elchixonasi ushbu xabarlar yuzasidan zudlik bilan tegishli o‘rganish ishlarini olib bordi.

Joriy yil 16-iyul kuni Kobuldagi Elchixonamiz nomiga Fazilatlarni targ‘ib qilish va yomonliklarning oldini olish vazirligi tomonidan raddiya murojaati kelib tushdi.

Unda ayrim doiralar va ommaviy axborot vositalari vaqti-vaqti bilan ikki qardosh davlat o‘rtasidagi ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari muhitiga putur yetkazishga va faktlarni buzib, ularni noto‘g‘ri talqin qilish orqali o‘zlarining g‘ayrli maqsadlariga erishishga harakat qilishi ta’kidlangan. Jumladan, raddiya murojaatida quyidagilar keltirilgan:

«Birodar O‘zbekiston bo‘yicha pozitsiyamiz aniq. Ushbu yurt islom ummatining ko‘plab buyuk ulamolari, jumladan Imom Buxoriyning muqaddas Vatanidir. Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasida chuqur diniy, tarixiy, madaniy va xalqlar mushtarakligi mavjud. Biz ushbu munosabatlar va o‘xshashliklarni alohida qadrlaymiz. Shu bois ayrim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston deb salbiy talqin qilingan bayonot va chiqishlar haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Biz bunday da’volarni qat’iyan rad etamiz va ularni faktlarni buzish, deb ataymiz. Ikki davlat o‘rtasidagi birodarlik, o‘zaro hurmat va yaxshi munosabatlar muhiti bundan keyin ham yanada mustahkamlanishiga ishonch bildiramiz».

«Tolibon» vaziri gaplari

Joriy yilning 10-iyul kuni «Tolibon» muvaqqat hukumatining Fazilatni targ‘ib qilish va buzuqlikning oldini olish vaziri Xolid Hanafiy O‘zbekistonga qarshi bayonot berib, «bir vaqtlar islom sivilizatsiyasi va ilm-fanining eng muhim markazlari bo‘lgan Samarqand, Buxoro va Termiz shaharlarida bugun islomdan faqat nomi qolgan» deya da’vo qilgani aytilgan xabarlar tarqalgandi.

Vazir Islom ummatiga rahbarlik qilish vazifasi ulamolar zimmasida bo‘lishi lozimligini urg‘ulagan va O‘zbekiston diniy ulamolarini ham tanqid qilgan. Uning aytishicha, mamlakatda diniy masalalar bo‘yicha qarorlarni ulamolar emas, balki dunyoviy davlat tizimi belgilamoqda.

Shuningdek, «Tolibon» mulozimiga ko‘ra, O‘zbekiston boy islomiy merosga ega bo‘lishiga qaramay, Islomdan ancha uzoqlashgan.

O‘zbekiston TIV munosabati

Mazkur shov-shuvli xabarlar ortidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonulla Fayziyev holat yuzasidan izoh berib, tarqalgan xabarlarni mutlaqo asossiz va «dezinformatsiya» deb atagan edi. Unga ko‘ra, tarqalgan bayonot rasman e’lon qilinmagan, Afg‘oniston rasmiy OAVlari tomonidan tarqatilmagan, shuningdek, mazkur masala yuzasidan O‘zbekiston elchisi afg‘on tomoni bilan gaplashib, vaziyatga aniqlik kiritgan edi. Tarqalgan bayonot rasman e’lon qilinmagan va Afg‘oniston rasmiy ommaviy axborot vositalari tomonidan tarqatilmagan.

Matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, mazkur masala yuzasidan O‘zbekiston elchisi afg‘on tomoni bilan gaplashgan va vaziyatga aniqlik kiritilgan.

O‘zbekiston va «Tolibon» munosabatlari

So‘nggi yillarda rasmiy Toshkent «Tolibon»ning eng yaqin siyosiy va iqtisodiy hamkorlaridan biri bo‘lib kelmoqda. 2021-yilda respublika tuzumi ag‘darilganidan keyin O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlaridan tashqari «Tolibon» bilan iqtisodiy va siyosiy aloqalarni o‘rnatish hamda kengaytirishga eng ko‘p harakat qilgan davlat bo‘ldi.

O‘zbekistonning «Tolibon» boshqarayotgan Afg‘onistonga munosabati, avvalo, iqtisodiy manfaatlarga asoslangan. Toshkent Afg‘onistonni o‘z mahsulotlari va sarmoyalari uchun qulay bozor sifatida ko‘radi.
Aynan shu yondashuv O‘zbekistonni «Tolibon» bilan hamkorlik qilishdagi siyosiy xarajat va xavflarni qabul qilishga undadi. Bugun Afg‘oniston Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston va Turkiyadan keyin O‘zbekistonning beshinchi yirik savdo hamkori hisoblanadi.

Faqat 2026-yilning dastlabki besh oyida ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi qariyb 1 milliard dollarga yetdi. Shu doirada ikki tomon o‘rtasida iliq siyosiy munosabatlar ham shakllangan. Hatto Termiz shahrida qo‘shma savdo markazi tashkil etilgan bo‘lib, u ko‘plab tadbirkorlar va fuqarolarga vizasiz qatnash imkonini beradi.

Teglar

Mavzuga oid