Logo

Yana bir davlat Alisher Usmonovga qo‘yilgan sanksiyalarni olib tashlashni taklif qildi

Bugun 08:582 daqiqa

Yevropalik diplomatlardan biri bu qarorning sabablari haqida ko‘plab savollar paydo bo‘lganini aytdi. Aftidan, bu yerda birinchi navbatda iqtisodiy manfaatlar muhim rol o‘ynayapti. U Yevropa Ittifoqiga a’zo boshqa davlatlar orasida bu pozitsiyani tushunadiganlar juda kamligini bildirdi.

Yana bir davlat Alisher Usmonovga qo‘yilgan sanksiyalarni olib tashlashni taklif qildi

Fransiya Slovakiyaning rossiyalik biznesmen Alisher Usmonovni Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish haqidagi talabini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda «Euronews» o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Nashrning ta’kidlashicha, Fransiyaning bu qadami Yevropa Ittifoqiga a’zo boshqa davlatlarda «juda kuchli norozilik» uyg‘otgan.

«Bu qarorning sabablari haqida ko‘plab savollar paydo bo‘ldi — ko‘rinishidan, bu yerda birinchi navbatda iqtisodiy manfaatlar muhim rol o‘ynayapti. Yevropa Ittifoqiga a’zo boshqa davlatlar orasida bu pozitsiyani tushunadiganlar juda kam», — dedi nashrga yevropalik diplomatlarning biri.

Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini uzaytirish uchun barcha davlatlarning bir ovozdan roziligi talab qilinadi. Bu esa ittifoqqa a’zo istalgan davlatga ushbu qarorga veto qo‘yish imkonini beradi. Ya’ni, bitta davlat qarshi chiqsa, sanksiyalarni uzaytirish haqidagi qaror qabul qilinmasligi mumkin.

Avvalroq Slovakiya Usmonovga qarshi sanksiyalarni uzaytirishga qarshi chiqqan edi. Bundan tashqari, Bratislava Mixail Fridman ham sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarilishini talab qilmoqda.

«Biz bu masalani muhokama qilishda ishtirok etyapmiz va agar keltirilayotgan dalillar haqiqatan ham ishontiradigan bo‘lsa hamda juda kuchli huquqiy asoslarga ega bo‘lsa, konstruktiv xulosaga kelishga tayyormiz», — degan edi Slovakiya tashqi ishlar vaziri Yuray Blanar mart oyida.

2025-yilda Vengriya ham rossiyalik biznesmenlar Alisher Usmonov, Mixail Fridman, Dmitriy Mazepin va boshqa shaxslarga nisbatan Yevropa Ittifoqi tomonidan joriy qilingan sanksiyalarni bekor qilishni taklif qilgan edi.

«Forbes» Alisher Usmonovning boyligini 14,5 milliard dollarga baholaydi. Yevropa Ittifoqi Usmonovga qarshi sanksiyalarni 2022-yil 28-fevralda joriy qilgan. O‘sha yilning 3-martida AQSH va Buyuk Britaniya ham biznesmenga qarshi cheklovlar joriy qilganini e’lon qilgan. 11-mart kuni esa Kanada Usmonovga qarshi sanksiyalar kiritgan.

Bundan tashqari, biznesmen Germaniyada soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda ayblanib, tergovga tortilgan. Bunga, Usmonovning advokatlari ta’kidlashicha, uning ko‘chmas mulk va boshqa mol-mulkka egaligi haqidagi yolg‘on da’volar sabab bo‘lgan. Usmonovning yuristlari sud orqali bu da’volarni rad ettirishga harakat qila boshlagan. Bir qator xorijiy OAV vakillari va jamoat arboblari noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatishni to‘xtatish haqida yozma majburiyat olishga majbur bo‘lgan. Jumladan, Usmonov AQSHning «Forbes» jurnali, Germaniyaning «Tagesspiegel» gazetasi va Avstriyaning «Kurier» gazetasi ustidan sudda g‘alaba qozongan. 2025-yil may oyida Gamburg viloyat sudi «Mediahuis Luxembourg S.A.» mediaxoldingiga qarashli nashrlarga biznesmen Alisher Usmonovni «Dilbar» superyaxtasining egasi deb atashni taqiqlagan.

Sentyabr boshida, «IntelliNews» nashrining xabar berishicha, Usmonovning advokatlari Yevropa Komissiyasi rahbariyatiga maktub yuborgan. Ular sanksiyalarni bekor qilishni so‘ragan. Bunga sabab sifatida sanksiyalar joriy etilishiga asos bo‘lgan OAV xabarlari sudlar tomonidan noto‘g‘ri deb topilgani va keyinchalik o‘chirib tashlangani ko‘rsatilgan.

Teglar

Mavzuga oid