Logo

Nima uchun go‘sht rekord darajada qimmat?

Bugun 18:255 daqiqa

AQSHda mol go‘shti 2020 yildan beri qariyb 70 foizga qimmatladi, biroq uni qayta ishlovchi yirik kompaniyalar zarar ko‘rmoqda. The Economist bunga qoramollar sonining kamayishi va podalarni tiklash uzoq vaqt olishini asosiy sabab sifatida ko‘rsatmoqda. O‘zbekistonda ham chorva soni avvalgi hisob-kitoblardagiga qaraganda kam chiqdi, import go‘shti esa qimmatlashdi. Bu holatlar narxlar nega yuqoriligini tushunishga yordam beradi.

Nima uchun go‘sht rekord darajada qimmat? © Bloomberg

Go‘sht narxi oshsa, uni sotayotganlar ham ko‘proq foyda olayotgandek tuyuladi. AQSHdagi vaziyat esa narx bilan foyda har doim ham birga oshmasligini ko‘rsatmoqda.

2020 yildan beri mamlakat do‘konlarida mol go‘shti qariyb 70 foizga qimmatlagan. Bu shu davrdagi umumiy inflatsiyaga nisbatan ikki barobardan ham oshiq.

tg_image_3404207550

Foto: AQSH supermarketidagi go‘sht bo‘limi. Getty Images

Narxlardan norozi amerikaliklarga prezident Donald Tramp aybdorlarni ko‘rsatmoqda: uning fikricha, muammo fermerlardan qoramol sotib olib, uni so‘yadigan va go‘shtni bozorga yetkazadigan yirik kompaniyalarda.

Tramp avgust oyida Truth Social tarmog‘ida ularni «qabih monopoliya» deb atadi. Biroq The Economist yozishicha, rekord narxlarga qaramay, bu korxonalarning moliyaviy ahvoli yomonlashmoqda.

AQSHda qoramol so‘yish bozorining 85 foizi atigi to‘rtta kompaniya — Tyson Foods, Cargill, JBS va National Beef hissasiga to‘g‘ri keladi. Ya’ni bozor haqiqatan ham sanoqli yirik ishtirokchilar qo‘lida jamlangan.

Ularning faoliyati avval ham raqobatga oid e’tirozlarga sabab bo‘lgan. Tyson, Cargill va JBS 2014–2022 yillarda narxlarni kelishib belgilaganlik haqidagi da’volar bo‘yicha AQSHda sud ishlarida ishtirok etgan. Kompaniyalarning barchasi qonunbuzarlik qilganini rad etgan.

Shunga qaramay, hozirgi qimmatlashuv ularga katta foyda keltirayotgani yo‘q. Eng yirik kompaniya — Tyson aksiyalari 2021 yildan beri 40 foizga arzonlagan. Kompaniya 3-sentabrda foyda prognozini pasaytirganidan keyin esa aksiyalar yana 7 foizga tushgan.

Tyson tushumining 40 foizini ta’minlaydigan mol go‘shti yo‘nalishida bu yil zarar 775 mln dollargacha yetishi kutilmoqda. Shu biznesdagi muammolar kompaniyaning umumiy operatsion foyda marjasini 2021 yildagi 8,5 foizdan 2,6 foizgacha tushirgan. Boshqacha aytganda, tushumning har 100 dollariga to‘g‘ri keladigan operatsion foyda 8,5 dollardan 2,6 dollargacha kamaygan.

Braziliyaning JBS kompaniyasi ham Shimoliy Amerikadagi biznesi 2026 yilning birinchi yarmida 427 mln dollar zarar ko‘rganini bildirgan.

tg_image_2117782914

Foto: yson Foods’ning Dakota-Sitidagi korxonasida go‘shtni qayta ishlash jarayoni. KALW

Buning sababini tushunish uchun go‘sht narxidan oldin chorva soniga qarash kerak.

The Economist ma’lumotiga ko‘ra, 2020 yildan beri AQSHdagi qoramollar soni qariyb o‘ndan birga qisqarib, 1951 yildan buyon eng past darajaga tushgan. Shu davrda go‘sht uchun boqiladigan novvos narxi 120 foizga oshgan.

Natijada qayta ishlovchi korxonalar qoramolni avvalgidan ancha qimmatga sotib olmoqda. Do‘kondagi mol go‘shti narxi ham oshgan, ammo tirik mol narxichalik tez emas.

Xaridorlarning imkoniyati esa cheklangan. Mol go‘shti qimmatlashgani sari amerikaliklar tovuq go‘shtiga ko‘proq o‘tmoqda. Uning narxi inflatsiya hisobga olinganda deyarli o‘zgarmagan. Shu sababli qayta ishlovchilar oshayotgan xarajatlarini to‘liq xaridor zimmasiga yuklay olmayapti.

AQSH go‘sht sanoati tarixiga bag‘ishlangan «Red Meat Republic» kitobi muallifi Joshua Spext bu tarmoqdagi ko‘tarilish va pasayishlarni chorvaning biologik sikli bilan izohlaydi.

Jarayon odatda qurg‘oqchilikdan boshlanadi. Yem-xashak qimmatlashadi, chorvadorlar esa xarajatlarni kamaytirish uchun podalarini qisqartiradi. Keyinchalik bozorda qoramol kamayib, narxlar ko‘tariladi. Yuqori narx fermerlarni yana chorva sonini oshirishga undaydi.

photo_2026-09-13_17-47-45

Foto: Tyexasdagi ranchoda qoramollar. Reuters

Ammo podani tiklash uchun qariyb besh yil kerak bo‘ladi. Shu bois tarmoqdagi bunday sikl odatda o‘n yilga yaqin davom etadi.

AQSH chorvadorlari buni avval ham boshdan kechirgan. Bir necha yillik qurg‘oqchilik ortidan 2014 yilga kelib podalar qisqargan va qoramol tanqisligi yuzaga kelgan. Narxlar eng yuqori darajaga chiqqach, fermerlar bir vaqtda chorva sonini imkon qadar tez ko‘paytirishga kirishgan.

Bernstein tahlilchisi Aleksiya Hovardning aytishicha, natijada qisqa vaqt ichida bozorda narxlar keskin tushib ketgan. O‘sha tajriba hozir chorvadorlarni ehtiyotkor bo‘lishga undamoqda. Hozircha ular podalarni qayta ko‘paytirishga kirishganining alomatlari ko‘rinmayapti.

Qayta ishlovchi kompaniyalar esa xarajatlarini qisqartirish uchun korxonalarini yopmoqda.

Avgust oyida Tyson Illinoys va Yutadagi zavodlarini yopib, qariyb 3 200 ta ish o‘rnini qisqartirdi. Kompaniyaning mol go‘shtini qayta ishlash quvvati taxminan 15 foizga kamaydi. Cargill bu yil Viskonsindagi zavodini yopdi. JBS esa Pensilvaniya va Tennessi shtatlaridagi korxonalarini yopib, 2 ming kishini ishdan bo‘shatdi.

Tramp ma’muriyati muammoni vositachilarni kamaytirish orqali hal qilmoqchi. 31-avgustda AQSH qishloq xo‘jaligi vaziri «Avvalo chorvadorlar» tashabbusini e’lon qildi. U fermerlarning o‘z go‘shtini mustaqil qayta ishlashini osonlashtirish va kichik so‘yish korxonalariga moliyaviy yordam berishni nazarda tutadi.

Biroq Texas A&M universiteti mutaxassisi Devid Andersonning fikricha, bu o‘zgarishlar narxlarga sezilarli ta’sir qilmaydi. Dastur orqali bozorga chiqadigan go‘sht hajmi umumiy vaziyatni o‘zgartirish uchun juda kichik bo‘ladi.

The Economist xulosasiga ko‘ra, chorvadorlar podalarini tiklamagunicha, qayta ishlovchilarning zarari va xaridorlar uchun yuqori narxlar saqlanib qoladi.

Yaqinda O‘zbekistonda ham go‘sht bozoridagi vaziyatni tushuntiradigan muhim ma’lumot paydo bo‘ldi.

uUBCflQ8sROfkzQAF0_normal

Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijasida mamlakatdagi qoramollar soni avvalgi hisob-kitoblardagiga qaraganda 2,1 mln boshga, qo‘y va echkilar soni esa 1,5 mln boshga kam ekani ma’lum bo‘ldi.

Bu chorva bir yil ichida shunchaga kamayganini anglatmasa-da, mamlakatdagi mavjud chorva soni shu paytgacha amaldagiga qaraganda ko‘proq hisoblab kelinganini ko‘rsatadi.

Demak, ichki ishlab chiqarish imkoniyatlari ham avval tasavvur qilinganidan ancha cheklangan.

Go‘sht yetishtirish hisobotlarida ham savollar bor. Vaqt.uz avvalgi tahlilida Milliy statistika qo‘mitasi e’lon qilgan hajmlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri solishtirilganda, 2026 yil birinchi yarmida tirik vazndagi go‘sht yetishtirish 4,3 foizga kamayganiga e’tibor qaratgandi.

Qo‘mitaning yangi hisobotida esa 0,9 foizlik o‘sish ko‘rsatilgan. Maqola e’lon qilingan paytda bu tafovut izohlanmagan edi.

Shu bilan birga, xorijdan olinayotgan go‘sht qimmatlashgan. Yanvar—iyulda mol go‘shti importi hajmi 9,3 foizga, qiymati esa 30,1 foizga oshgan. Bir kilogramm mol go‘shtining o‘rtacha import qiymati 4,04 dollardan 4,81 dollarga — 19 foizga ko‘tarilgan.

Shu ma’noda, AQSHdagi vaziyat O‘zbekiston uchun ham tanish muammoni ko‘rsatmoqda: ichki taklif cheklangan sharoitda go‘shtni arzonlashtirish qiyin.

O‘zbekistonda chorva soni hisob-kitoblardagiga qaraganda kam chiqdi, import esa avvalgidan qimmatga tushmoqda. Bular go‘sht narxiga bosim qilayotgan omillar bo‘lishi mumkin.

Narxlarning barqarorlashishi chorvador qancha mol boqishi, uni qanday xarajat bilan yetishtirishi va bozorga qancha go‘sht chiqara olishiga ham bog‘liq. AQSH tajribasi esa yuqori narxning o‘zi chorvani tezda ko‘paytirishga yetmasligini ko‘rsatmoqda.

O‘zbekistonda ham uzoq muddatli yechim chorva boqishni iqtisodiy jihatdan manfaatli qilish va ishlab chiqarishni ko‘paytirishga borib taqaladi.

Teglar

Mavzuga oid