Logo

Shavkat Mirziyoyev rafiqasi hamrohligida davlat tashrifi bilan Janubiy Koreyaga yetib bordi

Davlat rahbari tashrifning birinchi kunida Koreyada ishlayotgan va tahsil olayotgan o‘zbekistonliklar bilan uchrashdi. Tashrif davomida Koreya prezidenti Li Chje Myon bilan muzokaralar va birinchi «Markaziy Osiyo — Koreya» sammitida ishtirok etish rejalashtirilgan.

Shavkat Mirziyoyev rafiqasi hamrohligida davlat tashrifi bilan Janubiy Koreyaga yetib bordi © president.uz

Shavkat Mirziyoyev rafiqasi hamrohligida davlat tashrifi bilan Seul shahriga bordi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Prezidentni Seuldagi Koreya Harbiy-havo kuchlari aviabazasida rasmiylar kutib oldi. Oliy martabali mehmonni tantanali kutib olish marosimi o‘tkazildi.

Davlat rahbari sharafiga faxriy qorovul saf tortdi va artilleriya to‘plaridan salyut berildi. Shavkat Mirziyoyevni bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Ku Yun Chxol hamda boshqa rasmiylar kutib oldi.

Shundan so‘ng prezident Koreyada mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan o‘zbekistonliklar bilan uchrashdi. Ular bilan suhbatda vatandoshlarning ishi, o‘qishi va kelajak rejalari haqida so‘radi.

Muloqot davomida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangilanishlar, vatandoshlarning orzu-intilishlari hamda davlat tashrifi doirasida rejalashtirilgan tadbirlarning ahamiyati yuzasidan fikr almashildi.

Shavkat Mirziyoyev vatandoshlarga ish va o‘qishlarida muvaffaqiyat tilab, Koreyada egallanayotgan zamonaviy bilim, ko‘nikma va tajriba kelgusida O‘zbekiston taraqqiyoti va aholi farovonligiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Tashrif doirasida nimalar rejalashtirilgan?

Vaqt.uz avvalroq Markaziy Osiyo — Janubiy Koreya sammiti va Seulning mintaqaga qiziqishi sabablari haqida yozgan edi. 16-sentabrda Seulda o‘tadigan birinchi sammitda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari ishtirok etadi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston — Koreya biznes forumining ochilishida ham nutq so‘zlashi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid