
Davlat fuqarolik xizmatchilari har yili tibbiy ko‘rikdan o‘tadi
2026 yildan davlat fuqarolik xizmatchilari uchun majburiy profilaktik tibbiy ko‘rik tizimi joriy etilishi mumkin.

O‘zbekistonda davlat fuqarolik xizmatchilarini profilaktik tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibini belgilaydigan yangi nizom loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Hujjatga muvofiq, davlat fuqarolik xizmatchilari yilda kamida bir marta tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart bo‘ladi. Mazkur tartib 2026 yil 1-yanvardan kuchga kirishi rejalashtirilgan.
Nizom loyihasiga ko‘ra, tibbiy ko‘rik davlat fuqarolik xizmati tatbiq etiladigan davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlarni qamrab oladi. Biroq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishning alohida tartibi belgilangan ayrim toifadagi xodimlarga nisbatan ushbu qoidalar qo‘llanilmaydi. Shuningdek, idoraviy tibbiyot muassasalari orqali xizmat ko‘rsatiladigan davlat organlari xodimlari ham mazkur nizom doirasidan chiqarilgan.
Shuningdek, xodimlar o‘zlari biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida profilaktik va skrining dasturlari asosida tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Ko‘rik jarayonlari oilaviy shifokorlar hamda tor ixtisoslikdagi mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi.
Tibbiy ko‘rik kafolatlangan tibbiy yordam hajmlari doirasida bepul o‘tkaziladi. Agar ayrim tibbiy xizmatlar kafolatlangan paketga kirmasa, ular belgilangan tartibda pulli asosda ko‘rsatilishi mumkin. Bu amaliyot davlat xizmatchilari salomatligini tizimli nazorat qilishga qaratilgan.
Qayd etilishicha, ish beruvchi har kalendar yilining 1-fevraliga qadar kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan birgalikda tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim bo‘lgan xodimlar ro‘yxatini shakllantirib, tibbiyot birlashmalariga taqdim etadi. Tibbiyot muassasalari esa 10-fevralga qadar kalendar rejani tasdiqlab, ko‘riklarni, odatda, yilning birinchi yarmida o‘tkazadi.
Ko‘rik ish vaqti davomida amalga oshiriladi va bu davrda xodimning lavozimi hamda ish haqi saqlanadi. Ko‘rik natijalari Elektron sog‘liqni saqlash axborot tizimida elektron tibbiy kartaga kiritilib, avtomatik tarzda hrm.argos.uz platformasidagi shaxsiy yig‘ma jildga yuboriladi. Nizomda tibbiy ko‘rik sifati uchun tibbiyot muassasasi rahbari, xodimlarni o‘z vaqtida ko‘rikdan o‘tishini ta’minlash uchun esa ish beruvchi javobgar etib belgilangan.





