Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tayotgan kemalardan boj undirishni boshladi
Ho‘rmuz bo‘g‘ozining amalda qamal qilganiga qaramay, Eron ayrim kemalarning o‘tishiga ruxsat berilmoqda. Biroq buning evaziga Tehron xalqaro dengiz huquqiga zid ravishda katta miqdorda haq talab qilmoqda.

«Bloomberg» nashrining vaziyatdan xabardor manbalariga tayanib xabar berishicha, Eron rasmiylari bo‘g‘ozdan o‘tayotgan kemalardan har bir qatnov uchun 2 mln dollargacha mablag‘ undirishni boshlagan. Bu to‘lovlar hozircha rasmiylashtirilmagan va har bir holat bo‘yicha alohida kelishilgan holda amalga oshirilmoqda.
To‘lov mexanizmi va qaysi valutada o‘tkazilayotgani noma’lum bo‘lsa-da, ayrim kemalar allaqachon bu mablag‘ni to‘lab, bo‘g‘ozdan o‘tishga muvaffaq bo‘lgan. Bunday yashirin to‘lovlar Tehronning dunyodagi eng muhim energetik koridor ustidan nazoratini yanada kuchaytirayotganidan dalolat beradi.
Boz ustiga, o‘tgan haftada Eron parlamenti boshqa davlat kemalaridan Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan foydalanganlik uchun rasmiy boj undirish haqidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqishni boshladi. Tehrondagi siyosiy doiralar ushbu to‘lovni urushdan keyingi tinchlik kelishuviga kiritish g‘oyasini muhokama qilmoqda.
Biroq Fors ko‘rfazidagi boshqa davlatlar bunday «soliqlar»ni mutlaqo qabul qila olmaydi, chunki bu ularning Eronga bo‘lgan iqtisodiy qaramligini tan olish bilan tengdir.
Global ta’minot
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali dunyo neft va suyultirilgan tabiiy gaz (STG) ta’minotining qariyb 20 foizi o‘tadi. Shuningdek, bu yo‘l o‘g‘itlar, metallar va boshqa sanoat mahsulotlarini tashish uchun asosiy arteriya hisoblanadi. Qizig‘i shundaki, Eron tankerlari o‘z neftini eksport qilishda davom etmoqda.
AQSH Moliya vaziri Skott Bessent bir hafta avval Vashington dunyo bozorida energiya taqchilligi yuzaga kelmasligi uchun Eronning o‘z neftini olib chiqishiga «ko‘z yumayotganini» bildirgan edi.
Biroq, xalqaro hamjamiyat Tehronning bo‘g‘ozdan o‘tish uchun pul talab qilayotganiga keskin munosabat bildirmoqda. Xususan, Hindiston hukumati Fors ko‘rfazidan suyultirilgan gaz olib kelayotgan to‘rtta kemasini chiqarib olishga muvaffaq bo‘lgach, bayonot bilan chiqdi. Dehlining ta’kidlashicha, xalqaro huquq Ho‘rmuz bo‘g‘ozida erkin kema qatnovini kafolatlaydi va hech kim buning uchun haq undirishga haqli emas.
Iqtisodiy oqibatlar va xatarlar
Eronning bunday xatti-harakatlari yuk tashish xarajatlarini keskin oshirib yubormoqda. Birgina qatnov uchun 2 mln dollar to‘lanishi yoqilg‘i va xomashyo narxining yanada qimmatlashiga olib keladi. Sug‘urta kompaniyalari ham Yaqin Sharqdagi xavflar tufayli polis narxlarini oshirgan. Natijada, Eron tomonidan o‘rnatilgan «norasmiy bojlar» nafaqat xalqaro huquqni buzmoqda, balki global inflatsiyaga qo‘shimcha bosim o‘tkazmoqda.
Agar Eron parlamenti ushbu to‘lovni qonuniylashtirsa, bu AQSH va uning ittifoqchilari uchun yangi harbiy-siyosiy ziddiyat omiliga aylanadi. Donald Tramp ma’muriyati bo‘g‘ozni ochish bo‘yicha «oddiy harbiy manyovr» haqida gapirgan bo‘lsa-da, Tehronning bo‘g‘ozdan pul ishlashga urinishi urushdan keyingi iqtisodiy tiklanish jarayonini murakkablashtiradi.





