Saudiya Arabistoni Jahon iqtisodiy forumi yig‘ilishini kechiktirdi
Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyatning keskinlashishi tufayli Saudiya Arabistonida o‘tishi rejalashtirilgan xalqaro iqtisodiy yig‘ilish noma’lum muddatga qoldirildi.

Saudiya Arabistoni Iqtisodiyot va rejalashtirish vazirligi Jahon iqtisodiy forumi (JIF) bilan kelishilgan holda, 22-23-aprel kunlari Jiddada o‘tkazilishi rejalashtirilgan hamkorlik masalalari bo‘yicha xalqaro uchrashuvni noma’lum muddatga qoldirdi. Bunga Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashgani sabab bo‘lgan. Bu haqda Saudiyaning SPA axborot agentligi vazirlik qaroriga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, uchrashuv boshqa muddatga ko‘chirilgan. Hozircha tadbir qachon o‘tkazilishiga aniqlik kiritilmagan.
Avvalroq, joriy yil yanvar oyida Davosda bo‘lib o‘tgan forum chog‘ida Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farxon ushbu xalqaro yig‘ilishni aprel oyida Jiddada o‘tkazish rejasini ma’lum qilgan edi.
«Jahon iqtisodiy forumi Iqtisodiyot va rejalashtirish vazirligi bilan hamkorlikda 22-23-aprel kunlari Jiddada bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan hamkorlik va taraqqiyot masalalari bo‘yicha xalqaro uchrashuv boshqa muddatga ko‘chirilganini e’lon qildi», — deyiladi xabarda.
Vazirlikning ta’kidlashicha, ushbu qaror mintaqadagi hozirgi voqealar fonida, tadbirni munosib vaqtda o‘tkazish va kutilgan natijalarga erishishni ta’minlash maqsadida tashkilotchilarning iltimosiga ko‘ra qabul qilingan.





