Endi «chiroyli» avtoraqamlarni mobil ilova orqali xarid qilish mumkin
Ilova orqali oddiy davlat raqam belgilari, qolaversa, mototsikl yoki skuter uchun ham raqam tanlash mumkin.

Joriy yilning 1-yanvaridan boshlab respublika tovar-xomashyo birjasi orqali o‘tkaziladigan autsionlar hamda «chiroyli» raqamlarni oshirilgan stavkalarda berish amaliyoti bekor qilingan edi. Endilikda esa davlat raqam belgilarini sotib olishning yangi yo‘li — «AvtoRaqam» mobil ilovasi ishga tushirildi.
Ushbu tizim orqali jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar quyidagi amallarni bajarishlari mumkin:
Bo‘sh bo‘lgan raqamlar kombinatsiyasini real vaqtda kuzatish;
Tanlangan raqamni band qilish va o‘z nomiga biriktirish;
To‘lovlarni masofaviy shaklda amalga oshirish;
Jarayonni shaxsiy kabinetda nazorat qilish.
Ilova App Store va Play Market platformalarida joylashtirilgan. Tizimning asosiy maqsadi — davlat raqamlarini sotib olish jarayonida shaffoflikni ta’minlash va inson omilini yo‘qotish. Ya’ni endi foydalanuvchi istagan avtoraqamni ilovaning o‘zidan xarid qilishi mumkin.

