Mirziyoyev Putin bilan Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo va Ukrainadagi vaziyatni muhokama qildi
Shuningdek, prezidentlar O‘zbekistonda ilk AES qurilishi masalasiga ham to‘xtaldi.
© Matbuot xizmatlari e’lon qilgan arxiv suratlarO‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 24-mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbatda O‘zbekiston – Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasini qurish loyihasini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi. Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning samarali faoliyatiga yuksak baho berildi.
Tomonlar kooperatsiyaning yangi shakl va loyihalarini ilgari surish uchun samarali maydonga aylangan «INNOPROM Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat ko‘rgazmasining navbatdagisini joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida o‘tkazishga faol tayyorgarlik ko‘rayotgani ta’kidlandi.
Xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar, shu jumladan, Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo va Ukrainadagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi. Bo‘lajak tadbirlar rejasi ham muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 10 foizga o‘sib, 13 milliard dollarga yetdi, joriy yil boshidan esa yana 32 foizga ko‘paydi.
Sanoat, energetika, transport va iqtisodiyotning boshqa ustuvor tarmoqlarida yirik kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish davom etmoqda.





