add

Ekoqo‘mita 1-dekabrgacha sanoat korxonalariga zararli tashlamalarni 2 baravarga kamaytirishni topshirdi

Kecha 14:251642 Daqiqa

Ushbu majburiyatni bajarmagan sanoat korxonalari faoliyati 10 ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatga to‘xtatiladi yoki belgilangan tartibda tugatiladi.

Ekoqo‘mita 1-dekabrgacha sanoat korxonalariga zararli tashlamalarni 2 baravarga kamaytirishni topshirdi

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi atmosfera havosi ifloslanishini bartaraf etish maqsadida sanoat korxonalari zimmasiga bir qator kechiktirib bo‘lmas majburiyatlar yuklatilganligini bildirdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston prezidentining 2023 yil 31-maydagi 81-son farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 25-noyabrdagi 783-son qaroriga muvofiq, 2026 yil 1-yanvarga qadar atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I toifaga, 2026 yil 1-iyulga qadar esa II toifaga kiruvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar quyidagi majburiyatlarni bajarishi shart:

— atmosferaga chiqariladigan zararli tashlamalarni tahlil qiluvchi avtomatik monitoring stansiyalarini o‘rnatish va ekologiya organlariga integratsiya qilish;

— yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalash uskunalari va lokal suv tozalash inshootlarini o‘rnatish hamda mavjudlarini modernizatsiya qilish;

— sanitar himoya zonalarini avtomatik statsionar kuzatuv postlari bilan jihozlash.

Qonunchilikka muvofiq, ushbu majburiyatlarni bajarmagan sub’ektlarga nisbatan atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari 5 baravarga oshirilgan holda qo‘llaniladi.

Shuningdek, «Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunning 24-moddasiga ko‘ra, meteorologik sharoitlar noqulay kelishi kutilayotganligi munosabati bilan korxonalar atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalarni kamaytirish va (yoki) bartaraf etish chora-tadbirlarini ko‘rishi shart.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi barcha korxonalardan joriy yil 1-dekabrga qadar atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarini 2 barobar kamaytirishni qat’iy talab qilmoqda.

Ushbu majburiyatni bajarmagan korxonalar faoliyati, «Ekologik nazorat to‘g‘risida»gi qonunning 22-moddasiga asosan, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi qarori bilan 10 ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatga to‘xtatiladi yoki belgilangan tartibda tugatiladi.

Ekologik majburiyatini bajarmagan korxonalar belgilangan tartibda ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi ham mumkin.

Avvalroq qurilish maydonlarida chang tarqalishiga qarshi talablar bajarilmasa, kompaniyalar jarimaga tortilishi yoki faoliyati to‘xtatilishi bildirilgandi.

Teglar

Mavzuga oid

Ekoqo‘mita 1-dekabrgacha sanoat korxonalariga zararli tashlamalarni 2 baravarga kamaytirishni topshirdi | Vaqt.uz