Epshteyn o‘z «masjidi»ni Makkadan keltirilgan kisva va O‘zbekiston koshinlari bilan bezatgan — «NYT»

Kecha 23:083 daqiqa

Hujjatlarda Epshteynning Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklarining yuqori lavozimli shaxslari bilan aloqalari ham alohida qayd etilgan.

Epshteyn o‘z «masjidi»ni Makkadan keltirilgan kisva va O‘zbekiston koshinlari bilan bezatgan — «NYT» © Foto: nytimes.com

AQSH Adliya vazirligi va Vakillar palatasining Nazorat qo‘mitasi tomonidan e’lon qilingan yangi hisobotlarda Jeffri Epshteyn o‘zining Karib dengizidagi «Little Saint James» orolida qurgan sirli binoga «masjid» sifatida yondashgani va uni bezash uchun Makka shahri hamda O‘zbekistondan keltirilgan noyob ashyolardan foydalangani fosh etildi. Bu haqda «The New York Times» ma’lum qildi.

Mazkur hujjatlar Epshteynning nafaqat jinoiy faoliyati, balki uning Yaqin Sharqdagi siyosiy hamda madaniy doiralarga kirib borishga bo‘lgan urinishlarini ham ochib beradi. Tergov materiallariga ko‘ra, moliyachi o‘zining shaxsiy orolida «masjid» deb atagan binoga dunyoning turli nuqtalaridan noyob eksponatlar to‘plagan.

Xususan, bino ichiga islom olamining eng muqaddas ziyoratgohlaridan biri — Makkadagi Ka’ba devorlarini bezab turgan, Qur’on oyatlari tushirilgan muqaddas tapestriyalar keltirilgan. Shuningdek, bino devorlari uchun O‘zbekiston masjidlariga xos bo‘lgan maxsus koshinlar hamda Suriyaning Aleppo shahridagi XV asrga oid «Yalbug‘a» hammomi me’morchiligi asosida tayyorlangan oltin gumbaz ishlatilgan.

Epshteyn bilan ishlagan rumin rassomi Ion Nikola tergovchilarga bergan intervyusida ushbu loyiha tafsilotlarini ochiqladi. Uning ta’kidlashicha, Epshteyn rasmiy hujjatlarda binoga «musiqa xonasi» deb nom bergan bo‘lsa-da, shaxsiy suhbatlarda uni doimiy ravishda «masjid» deb atagan. Hatto u arabcha «Alloh» so‘zi yozilgan naqshlar o‘rniga o‘zining ismi va familiyasining bosh harflari — «J» va «Ye» belgilarini tushirishni buyurgan.

Saudiya va BAA bilan aloqalari

Hujjatlarda Epshteynning Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklarining yuqori lavozimli shaxslari bilan aloqalari ham alohida qayd etilgan. Norvegiyalik diplomat Tere Rod-Larsen vositachiligida u Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan uchrashgani aytilmoqda.

Ushbu uchrashuvlar davomida Epshteyn «Aramco» davlat neft kompaniyasini xususiylashtirishda maslahatchi bo‘lish hamda musulmon mamlakatlari uchun «shariat» deb nomlangan yagona valuta joriy etish kabi g‘oyalarni ilgari surgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu aloqalar natijasida Saudiya tomonidan Epshteyn orolidagi «masjid» uchun maxsus chodir va Ka’badan olingan uchta noyob tapestriya yuborilgan. Ularning biri Ka’baning ichki qismida ishlatilgan bo‘lsa, ikkinchisi uning tashqi devorlarini yopib turgan muqaddas kisvaning bir qismi bo‘lgan.

Saudiyalik vakila Aziza al-Ahmadiy Epshteynga yozgan maktubida ushbu qora mato kamida 10 million musulmonning ko‘z yoshi va duolarini o‘zida jamlaganini ta’kidlagan.

Epshteynning ushbu harakatlari uning atrofidagi boshqa ta’sirli shaxslarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Xususan, BAAning «DP World» kompaniyasi rahbari Sulton Ahmad bin Sulayem Epshteyn bilan birgalikda muqaddas tapestriyani ko‘zdan kechirayotgani aks etgan surat e’lon qilingach, joriy yil boshida lavozimidan iste’fo bergani aytilmoqda.

Binoning taqdiri

Mazkur sirli binoning taqdiri 2017 yilda Karib dengizida sodir bo‘lgan «Mariya» to‘fonidan so‘ng og‘irlashgan. Tabiiy ofat binoga va uning ichidagi ba’zi nodir ashyolarga jiddiy zarar yetkazgan.

saudiyalik taniqli jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi bilan bog‘liq voqealardan so‘ng Epshteyn va Saudiya doiralari o‘rtasidagi aloqalar sovigan. 2019 yilda Epshteyn jinsiy jinoyatlarda ayblanib qamoqqa olingach va o‘sha yerda vafot etgach, orol egaligi shaxsiy trastga o‘tgan.

Ushbu yangi ma’lumotlar Epshteynning o‘z ta’sir doirasini kengaytirish maqsadida diniy muqaddas ashyolardan qanday foydalanganini ko‘rsatuvchi muhim dalil sifatida tergov hujjatlariga kiritilgan.

Teglar

Mavzuga oid