
Ijtimoiy xizmatlar to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi
Prezident qarori bilan ehtiyojmand aholiga ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatishda elektron tizim joriy etiladi.

Prezidentning «Aholining ehtiyojmand qatlamlariga hududlarda kompleks ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga xizmat ko‘rsatish tizimi tubdan yangilanib, barcha tartib-taomillar to‘liq elektron shaklda amalga oshiriladi.
Qarorda belgilanishicha, 2025 yilda tajriba tariqasida Andijon shahri va Toshkent shahrida yo‘lga qo‘yilgan Hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyati natijalari asos qilib olinadi. Ushbu tajriba negizida 2026–2027 yillar davomida respublika bo‘ylab bosqichma-bosqich 20 ta hududiy markaz ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlarining asosiy vazifalari sifatida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatish, shuningdek, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan bolalarning muammolarini o‘rganish va ularni jamiyatga moslashtirish belgilandi. Bu orqali bolalarning ijtimoiy integratsiyasi ta’minlanishi ko‘zda tutilmoqda.
Markazlar tomonidan ehtiyojmand aholiga reabilitatsiya va abilitatsiya xizmatlari, fizioterapiya, davolash-jismoniy tarbiya, shuningdek, qarab turish va parvarishlash xizmatlari ko‘rsatiladi. Bu xizmatlar ijtimoiy himoya tizimini nafaqat yordam berish, balki insonni qayta jamiyat hayotiga qaytarishga qaratilgan mexanizm sifatida shakllantirishga xizmat qiladi.
Qarorga muvofiq, ijtimoiy xizmatlardan imtiyozli shartlarda foydalanish huquqiga ega shaxslar hududiy markazlar xizmatlaridan Inson markazlari tomonidan berilgan yo‘llanmalar asosida foydalanadi. Eng muhim jihat — hududiy markazlar xizmatlaridan foydalanish bilan bog‘liq barcha jarayonlar to‘liq elektron shaklda amalga oshirilishi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda kelgusi yildan davlat ijtimoiy sug‘urtasi doirasida mehnatga layoqatsizlik va tug‘ish nafaqalari bosqichma-bosqich joriy etilishi haqida xabar bergan edik.





