
Homiladorlik, tug‘ish va mehnatga layoqatsizlik nafaqalarini tayinlash tartibi tasdiqlandi
O‘zbekistonda kelgusi yildan davlat ijtimoiy sug‘urtasi doirasida mehnatga layoqatsizlik va tug‘ish nafaqalari bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Hukumatning 2025 yil 17-dekabrdagi 796-sonli qarori bilan davlat ijtimoiy sug‘urtasi doirasida vaqtincha mehnatga layoqatsizlik hamda homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini tayinlash va to‘lash tartibini belgilaydigan nizom tasdiqlandi. Ushbu hujjat sug‘urtalangan shaxslarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan.
Nizomga muvofiq, sug‘urta hodisasi yuzaga kelganda to‘lovlar ikki bosqichda joriy etiladi. 2026 yil 1-yanvardan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi, 2026 yil 1-iyuldan esa vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi to‘lanishi boshlanadi. Bu jarayonlar davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimi orqali amalga oshiriladi.
Nafaqalar sug‘urtalangan shaxs ish beruvchi bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan, fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida xizmat ko‘rsatgan yoki qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa rasmiy faoliyat bilan band bo‘lgan davrda sug‘urta hodisasi yuzaga kelgan taqdirda tayinlanadi. Bunda homiladorlik va tug‘ish nafaqasini olish uchun kamida 10 oy, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi uchun esa kamida 6 oy sug‘urta staji mavjud bo‘lishi shart.
Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi mehnatga layoqatsizlik varaqasida ko‘rsatilgan barcha davr uchun to‘lanadi. Biroq to‘lovlar bir kalendar yil mobaynida 182 kalendar kundan oshmagan muddat bilan cheklanadi.
Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi miqdori sug‘urta stajiga qarab belgilanadi. Sug‘urta staji 10 oydan 24 oygacha bo‘lganlarda o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizi, 25 oydan 60 oygacha bo‘lganlarda 85 foizi, 61 oy va undan ortiq stajga ega bo‘lganlarda esa 100 foizi qo‘llaniladi. Tayinlangan to‘lovlar moliyaviy agent orqali amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yildan boshlab xususiy kompaniyalarda ishlaydigan ayollar ham homiladorlik nafaqasini davlatdan olishi haqida xabar bergan edik.