Malayziya podshohidan Slovakiya bosh vazirigacha — Shavkat Mirziyoyevning Moskvadagi uchrashuvlar
Muloqotlar davomida ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilingan.
© Prezident matbuot xizmatiO‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 9-may kuni Moskvada o‘tgan G‘alaba paradida qatnashish barobarida ushbu tadbirda ishtirok etish uchun borgan boshqa davlatlar yetakchilari bilan ham suhbat qurdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Uning yozishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan birga Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso, Malayziya podshohi Sulton Ibrohim va Laos prezidenti Txonglun Sisulit bilan ham suhbatlar o‘tkazgan.
Sherzod Asadovga ko‘ra, prezidentning xorijiy tashriflari nafaqat xalqaro tadbirlarda ishtirok etish, balki xorijiy yetakchilar bilan ikki tomonlama kun tartibidagi masalalarni muhokama qilish uchun ham muhim imkoniyatdir.
«Prezident Shavkat Mirziyoyevning Moskvaga tashrifi doirasidagi tadbirlar yakuniga yetdi.
Davlatimiz rahbarining ushbu tantanali marosimda ishtiroki umumiy G‘alabani ta’minlashga munosib hissa qo‘shgan millionlab insonlar xotirasiga, shu jumladan, O‘zbekiston xalqi jang maydonlarida va front ortida namoyon etgan beqiyos jasorat, matonat va fidoyilikka chuqur hurmat ifodasi bo‘ldi», - deydi Sherzod Asadov.





