Bir shaxsning kartalari o‘rtasidagi o‘tkazmalar komissiyasiz bo‘ladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bank tizimida aholi uchun qulaylikni oshirishga qaratilgan yangi takliflar ma’qullandi.

Endi O‘zbekistonda jismoniy shaxslar o‘z bank kartalari o‘rtasidagi pul o‘tkazmalarini komissiyasiz amalga oshira oladi. Bu bugun, 5-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish hamda tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan muammoli masalalarni hal etish yuzasidan taqdimot davomida taklif etilib, davlat rahbari tomonidan ma’qullandi.
Taqdimoqtda raqamlashtirish va naqd pulsiz to‘lovlar yo‘nalishida aholi va biznes uchun qulaylikni oshirishga qaratilgan takliflar bildirildi. Xususan, ayrim tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni naqd pulsiz shaklda amalga oshirish amaliyoti kengayib borayotgani bois, bank infratuzilmasi, komissiyalar va iste’molchilarga qaytariladigan keshbek tizimini takomillashtirish zarurligi qayd etildi.
Jismoniy shaxslarning o‘z bank kartalari o‘rtasidagi pul o‘tkazmalarini komissiyasiz amalga oshirish, naqdsiz to‘lovlarni aholi uchun qulay bo‘lgan shakllarini ko‘paytirish, umumiy ovqatlanish, alkogol, tamaki va yoqilg‘i sotish sohalarida xarid cheki bo‘yicha hisoblangan keshbekni tezkor qaytarish imkoniyatini yaratish taklif etildi. Shu bilan birga, bank kartalari orqali amalga oshiriladigan operatsiyalarda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida joriy etilgan antifrod SMS-xabarnomalar bo‘yicha xarajatlarni qayta ko‘rib chiqish, mobil ilovalardagi xabarnomalar yoki biometrik identifikatsiya kabi muqobil yechimlardan foydalanish taklif qilindi.
Soliq va tashqi savdo bo‘yicha takliflar
Soliq ma’murchiligi va moliyaviy jarimalar yo‘nalishida soliq imtiyozlarini qo‘llashda yuzaga kelayotgan nizoli holatlarni bartaraf etish, soliq qarzdorligi bo‘yicha hisoblanayotgan penya asosiy qarz summasidan oshib ketmasligi bo‘yicha normani joriy etish, chek bermaslik holati yuzasidan xabar yuborish tizimini suiiste’mol qilish holatlarining oldini olish, QQS guvohnomasini to‘xtatish tartibini takomillashtirish ilgari surildi.
Tashqi iqtisodiy faoliyatni soddalashtirish maqsadida import jarayonida bir-birini takrorlovchi hujjatlarni qisqartirish, tadbirkorlarga xorijda savdo uylari, filial va vakolatxonalar ochish uchun qulayroq tartib yaratish, «O‘zekspomarkaz» imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda milliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarda keng targ‘ib qilish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Davlat rahbari tadbirkorlik uchun ortiqcha to‘siqlarni kamaytirish, nazorat va tartibga solish mexanizmlarini soddalashtirish, raqamlashtirish jarayonlarini biznesga qo‘shimcha yuk emas, qulaylik yaratadigan vositaga aylantirish zarurligini ta’kidladi.
Mutasaddilarga mavjud sanoat quvvatlarini to‘liq ishga solish, korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda tadbirkorlar uchun qulay sharoitlarni kengaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.





