O‘zbekistonda inflatsiya birinchi marta 7 foizga tushdi
Inflatsiyaga asosiy bosimni oziq-ovqat mahsulotlari bermoqda. Markaziy bank 5 foizlik inflatsiyaga erishishni maqsad qilgan.
© Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva2026-yil aprel oyida O‘zbekistonda iste’mol narxlari indeksi oylik hisobda 0,6 foizga o‘sdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.
O‘tgan oyda yillik inflatsiya darajasi 7 foizni tashkil qildi. Bu ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston uchun eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Taqqoslash uchun, 2025-yilning aprel oyida bu yillik inflatsiya ancha yuqori — 10,1 foiz bo‘lgan edi.
Ma’lumot uchun, Markaziy bank inflatsiyani 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichga tushirishga harakat qilmoqda. Bunga 2027-yilda erishish kutilmoqda.
Yil boshidan buyon (yanvar-aprel) iste’mol narxlari o‘rtacha 2,5 foizga oshgan. Meva va sabzavotlar narxini hisobga olmagandagi yillik inflatsiya esa 7,6 foizni tashkil etmoqda.

Asosiy ta’sir — oziq-ovqat mahsulotlari
Aprel oyidagi 0,6 foizlik oylik inflatsiyaning shakllanishiga eng katta ta’sirni oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘zgarishi ko‘rsatdi.
Oy davomida oziq-ovqat mahsulotlari 1 foizga qimmatlagan bo‘lsa, nooziq-ovqat mahsulotlari narxi 0,3 foizga, xizmatlar narxi 0,4 foizga oshdi.
O‘tgan oyda go‘sht mahsulotlari sezilarli qimmatlashdi: qo‘y go‘shti narxi 3,7 foizga, suyakli va suyaksiz mol go‘shti 3,2 foizga, go‘sht qiymasi esa 2,9 foizga ko‘tarildi.
Yillik hisobda qo‘y go‘shti narxi 20,3 foizga, mol go‘shti narxi esa 16-17 foizga ko‘tarildi.
Shuningdek, shakar 2,2 foizga, baliq 2 foizga va o‘simlik yog‘i 0,8 foizga qimmatladi. Boshqa tomondan, asosiy iste’mol tovarlaridan tuxum 3,6 foizga, parranda go‘shti 1,2–1,3 foiz oralig‘ida, guruch esa 1,1 foizga arzonlashgani inflatsiyani biroz jilovlashga yordam bergan.
Meva va sabzavotlar bozorida narxlar xilma-xilligi kuzatildi: bulg‘or qalampiri (10,3 foiz), kartoshka (6,5 foiz) va olma (4,5 foiz) narxlarida eng yuqori o‘sish qayd etildi. Ayni paytda bodring narxi keskin – 26,1 foizga arzonlashgan bo‘lsa, ko‘katlar (3,3 foiz), piyoz (2,7 foiz) va pomidor (2,4 foiz) ham xaridorlar uchun arzonlashdi.
Yoqilg‘i va xizmatlar sohasidagi holat
Transport va yoqilg‘i xarajatlari ham narxlar indeksiga o‘zining sezilarli ta’sirini ko‘rsatib, umumiy ko‘rsatkichni 0,05 foiz bandga oshirgan.
Oy davomida benzin narxi o‘rtacha 1,4 foizga (jumladan, Ai-92 markasi 1,6 foizga), avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida metan narxi esa 0,7 foizga oshgan. Aksincha, propan narxi 2,8 foizga pasayib, uning 1 litri uchun eng yuqori narx 7 000 so‘mni tashkil qildi.
Shu bilan birga, yo‘lovchi tashish transporti xizmatlari qimmatlashmoqda: xalqaro aviaqatnovlar chiptalari narxi 2,6 foizga, ichki reyslar 2,3 foizga, uzoq masofaga qatnovchi poyezdlar 1,4 foizga hamda shahar avtobuslarida yo‘l haqi 1,6 foizga oshgani xabar qilingan.
Kommunal to‘lovlar sohasida asosiy o‘zgarish maishiy chiqindilarni olib chiqish tariflarida kuzatilib, ushbu xizmat mamlakat bo‘yicha o‘rtacha 2,4 foizga qimmatlagan. Uy-joy ijarasi to‘lovlarida ham oylik 0,6 foizlik o‘sish qayd etildi.





