
Marko Rubio: «Rossiya 2025 yil boshidan beri 100 ming harbiysidan ayrilgan»
11.07.2025 | 10:0032654
Marko Rubio Rossiyaning Ukrainadagi yo‘qotishlari haqida shok bayonot berdi va Tramp ma’muriyati Ukraina urushini to‘xtatish uchun faol muloqot olib borayotganini ta’kidladi.

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Malayziyadagi ASEAN anjumanida Rossiya 2025 yil boshidan buyon 100 ming harbiyni yo‘qotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yo‘qotishlar faqat halok bo‘lgan harbiylar hisobiga, ya’ni yaralanganlar hisobga olinmagan.
Rubioning ta’kidlashicha, Ukraina tomonidagi yo‘qotishlar miqdori ancha kamroq, biroq baribir salmoqli. U Rossiyaning harbiy harakatlarini keskin tanqid qildi va AQSH prezidenti Donald Tramp urushlarni «pul va inson hayotini behuda sarflash», deb hisoblashini alohida ta’kidladi.
«Prezident Tramp urushlarni yoqtirmaydi. U Ukrainadagi va boshqa qurolli to‘qnashuvlarga barham berishni maqsad qilgan», — dedi Rubio. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati bu urushni tugatish uchun har qanday muloqot imkonidan foydalanmoqda va bu jarayonda Rossiya bilan ham faol munosabat o‘rnatilgan.
Rubio Rossiya Tashqi ishlar vaziri bilan bo‘lgan suhbatni ham qayd etib, uni «ochiq va muhim» deb atadi. U shunday dedi: «Biz fikr va takliflar almashdik va buni Vashingtonga yetkazaman. Biz bu orqali qandaydir ilgarilashga erishamiz deb umid qilamiz».
Uning ta’kidlashicha, Tramp prezident bo‘lmaganida, bu urush boshlanmasdi. Ammo u endi mavjud va AQSH, imkoniyat bor joyda, urushni to‘xtatish uchun harakat qilaveradi. Shuningdek, Tramp bir necha bor Ukraina va Rossiya rahbarlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotlar olib borgani qayd etildi.
Shuningdek, Rubio Pentagon tomonidan Ukrainaga qurol yetkazib berish vaqtincha to‘xtatilgani haqidagi xabarlarga izoh berdi. Uning aytishicha, bu faqat zaxiralar ko‘rib chiqilishi bilan bog‘liq bo‘lgan, siyosiy qaror emas. Maxsus turdagi o‘q-dorilar vaqtincha tekshiruv uchun ushlab turilgan va yetkazib berish to‘xtagani haqidagi xabarlar noto‘g‘ri talqin qilingan.





