Oylik va stipendiyalar oshadi, 852 mahkum kechirildi, Aliyev O‘zbekistonga kelib ketdi, selda 450 dan ortiq kishi qurbon bo‘ldi— hafta dayjesti
Hafta davomida sodir bo‘lgan shu va boshqa voqea-hodisalar tafsiloti bilan Vaqt.uz dayjestida tanishing.
852 kishi afv etildi
Oilasidan yiroq, panjara ortida ozodlik kunlarini kutayotgan insonga har bir kun bir yildek tuyulishi, shubhasiz. Mustaqillikning 35 yilligi oldidan prezident jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga o‘tgan 852 kishini afv etdi.
Mahkumlarning asosiy qismi — 604 kishi jazodan to‘liq ozod qilindi. Qolgan 248 kishining jazosi esa muddatidan ilgari shartli ravishda yengillashtirildi yoki qamoq muddatlari qisqartirildi.
Kechirilganlar orasida 375 nafar yoshlar, 49 ayol hamda 60 yoshdan oshgan 37 kishi bor. Ro‘yxatga 7 nafar chet el fuqarosi va o‘z vaqtida taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan 63 nafar vatandosh ham kiritilgan.
O‘zbekiston qarzi ortmoqda
Davlatning qarzi 50 milliard dollarga qarab bormoqda. 2026-yilning ikkinchi choragi yakunida O‘zbekistonning davlat qarzi 48,3 milliard dollardan oshib ketdi. Bor-yo‘g‘i uch oy ichida qarzimiz 1,33 milliard dollarga yoki qariyb 2,8 foizga ko‘paygan.
Endi ushbu ko‘rsatkichning ichki tuzilishiga va raqamlar ortida nima turganiga e’tibor qaratsak. Jami qarzdorlikning 84 foizi, ya’ni 40,7 milliard dollardan ziyodi tashqi qarz. Birinchi chorak bilan solishtirganda, tashqi majburiyatlarning o‘zi bir chorakda 935 million dollarga o‘sganini ko‘rishimiz mumkin.
Bu o‘zgarishlar fonida davlat qarzining mamlakat yalpi ichki mahsulotiga (YAIM) nisbati ham 26,3 foizdan 27 foizgacha ko‘tarildi.
Mutaxassislarning aytishicha, qarz tarkibida qat’iy belgilangan foiz stavkalari ustunlik qilyapti va majburiyatlarning asosiy qismi uzoq, ya’ni bir yildan ortiq muddatlarga mo‘ljallangan. Shu bilan birga, davlatning ichki qarzi 7,6 milliard dollarga yetib, uning umumiy qarz shakllanishidagi ulushi 16 foizga yetdi.
Xullas, davlat majburiyatlarida o‘sish dinamikasi davom etyapti, ammo mutaxassislar qarzlarning uzoq muddatli xarakteri va YAIMga nisbati hali xavfsiz me’yorlar atrofida saqlanib qolayotganini urg‘ulaydi.
Oylik va stipendiyalar oshadi
«Parvona» spektaklidagi O‘tkuruyning mashhur gapini eshitganmisiz? «Dilni yayratadigan ham, tilni sayratadigan ham pul», deb bejizga aytishmaydi. Ha, pul borasida so‘z ketganda ko‘pchilik maosh qachon oshirilishiga qiziqadi. Nega deganda oyligini kutib yashaydigan o‘zbekistonliklar talaygina.
Prezident farmoniga binoan, 1-sentabrdan e’tiboran budjet tashkilotlarida ishlayotgan xodimlarning ish haqi hamda talabalarning stipendiyalari 7 foizga oshiriladi.
Hozirda talabalarning bazaviy stipendiyasi 569 ming 670 so‘m, 7 foizlik oshirishdan keyin 609 ming 547 so‘m bo‘ladi. Barcha fanlardan «5» baho olgan talabalarning amaldagi stipendiyasi 683 ming 604 so‘m bo‘lib, 1-sentabrdan u 731 ming 456 so‘mga oshadi.
Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 million 360 ming so‘m, bazaviy hisoblash miqdori 440 ming so‘m, pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori esa 504 ming so‘m bo‘ladi. Endi davlat bog‘chalarida ham oylik to‘lov badallarining miqdori oshadi.
Prezident 558 kishini taqdirladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev fidokorona mehnati va yuksak natijalari bilan taraqqiyotga munosib hissa qo‘shayotgan 558 kishini yuksak unvon, orden va medallar bilan taqdirladi. Ular orasida Komil Allamjonov, Sardor Umurzoqov va Jahongir Isroilov ham bor.
Davlat rahbari har bir yurtdoshning jasorati hamda mehnati yuksak e’tirofga munosib ekanini ta’kidlab, mukofotlarni o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.
Qolaversa, Mustaqillik bayrami arafasida bo‘lib o‘tgan yirik loyihalarni ishga tushirish marosimida Sirdaryo hokimi Erkinjon Turdimov O‘zbekistondagi avvalgi paxtaga qaramlik davrini eslab, o‘sha yillarda aholi yil davomida paxta ishlariga jalb etilganini aytdi.
Prezident uning gaplarini tasdiqlab, siyosiy iroda bo‘lmagani uchun hamma paxtaga qul bo‘lganini esladi.
«Lekin hamma u qullikni unutib yubordi. Siyosiy iroda yo‘qligidan hammamiz paxtaga qul edik. 24 soat, 12 oy shudgor, chigit ekish, defoliatsiya, terim bilan shug‘ullanardik. Boshqa hech narsa bilan shug‘ullanmasdik», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Aliyev O‘zbekistonga kelib, ketdi
Mamlakat tashqi siyosati va diplomatiyasi doirasida yana bir tashrif amalga oshirildi.
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev rafiqasi Mehribon Aliyeva bilan birga O‘zbekistonga keldi. Ularni Toshkentda prezident Shavkat Mirziyoyev va birinchi xonim Ziroat Mirziyoyeva kutib oldi.
Davlat tashrifi doirasida ko‘plab masalalar muhokama qilindi. O‘zbekiston Ozarboyjon bilan savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Ilhom Aliyev O‘zbekiston prezidentini «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirladi. O‘z navbatida, Ozarboyjon rahbariga O‘zbekistonning «Oliy darajali do‘stlik» ordeni topshirildi.
Tashrif davomida ikki mamlakat yetakchilari va ularning rafiqalari oila a’zolari bilan birga Buxoroning asrlar davomida saqlanib kelayotgan mashhur tarixiy obidalarini ziyorat qildi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasida «Abadiy do‘stlik to‘g‘risida»gi shartnoma imzolandi. Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva bu hujjat ikki qardosh xalq o‘rtasidagi ko‘p qirrali va chuqur rishtalarning yorqin timsoli ekani va munosabatlarda yangi sahifa ochganini ta’kidladi.
Qolaversa, do‘stlik va madaniy yaqinlikning amaliy ramzi sifatida Yangi Toshkentning 4 gektar maydonida «Ozarboyjon» bog‘i, Bokudagi «Oq shahar» hududida esa 4,5 gektar maydonda «O‘zbekiston» bog‘i barpo etilishiga start berildi. Davlat rahbarlari Toshkentda quriladigan bog‘ hududiga ramziy kapsulani joylashtirdi.
Yo‘lovchilar aeroportda qolib ketdi
Samolyotda uchish, aviabilet narxlari va bortdagi sharoitlar O‘zbekistonda tez-tez aholi tanqidiga sabab bo‘lmoqda. Istanbuldan Toshkentga uchishi kerak bo‘lgan yo‘lovchilar bilan ham shunday muammo yuz berdi.
Texnik nosozlik sabab ular 16 soat davomida aeroportda qolib ketdi.
«O‘zbekiston havo yo‘llari»ga ko‘ra, parvoz texnik sabablar tufayli kechiktirilgan. Keyin yo‘lovchilarni olib kelish uchun zaxira samolyoti ajratilgan.
Kompaniya kutish vaqtida yo‘lovchilarga ichimliklar, sendvichlar va issiq ovqat vaucherlari berilganini ma’lum qildi. Biroq tarqalgan videomurojaatda yo‘lovchilar bu yordam yetarli bo‘lmaganini, ayniqsa keksa yoshdagilar uchun sharoitlar yetarli emasligini ta’kidlagan.
Kompaniya holatdan afsus bildirib, kutish vaqti yana cho‘zilib ketmasligi uchun zaxira reys tashkil etilganini ma’lum qildi.
Toshqinning 450 qurboni
Nepaldagi haddan tashqari kuchli toshqin butun dunyoning diqqat markazida bo‘ldi. Tarqalgan tasvirlarda yirik binolar sel kuchi bilan bir zumda vayron bo‘lib, oqib ketganini ko‘rish mumkin.
Nepal hamda Xitoyning Tibet hududi bilan chegaradosh qismida yuz bergan ulkan toshqin oqibatida 450 dan ortiq kishi halok bo‘ldi, 1000 dan ortiq shaxs esa bedarak yo‘qoldi.
Hodisa sabablariga to‘xtaladigan bo‘lsak, mutaxassislar Himolay tog‘laridagi Lende daryosiga ulkan muz va tosh massasining qulashi ushbu falokatni keltirib chiqarganini bildirmoqda. Natijada hosil bo‘lgan shiddatli loy va suv oqimi chegaradagi qishloqlar, infratuzilma obyektlari hamda asosiy yo‘llarni vayron qilgan.
Ayniqsa, hodisa yuz bergan hudud alpinistlar, sayyohlar va ziyoratchilar orasida ommabop bo‘lgani xavotirlarni yanada oshirmoqda. Bedarak yo‘qolganlar orasida kamida 540 nafar xorijlik sayyoh borligi aytilmoqda. Ular orasida AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya, Ukraina va boshqa bir qator davlatlar fuqarolari mavjud.
Hozirda hududda 5000 dan ortiq harbiy va politsiya xodimlari qidiruv-qutqaruv ishlariga jalb qilingan. Vertolyotlar orqali jabrlanganlarni evakuatsiya qilish hamda oziq-ovqat yetkazib berish davom etyapti. Biroq vayronagarchilik ko‘lami katta bo‘lgani sabab qurbonlar soni yanada oshishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Teglar






