Logo

Yetti oyda O‘zbekiston chetga 1,28 mln tonna meva-sabzavot sotdi

Kecha 22:282 daqiqa

2026-yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekistondan 1,28 mln tonna meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilindi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,5 ming tonnaga ko‘p. Biroq eksport qiymati 3,9 foizga kamayib, 1,03 mlrd dollarni tashkil etdi.

Yetti oyda O‘zbekiston chetga 1,28 mln tonna meva-sabzavot sotdi

Joriy yilning dastlabki yetti oyida O‘zbekiston 1,28 mln tonna meva-sabzavot mahsulotlarini xorijga pulladi. 2025-yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 1,28 mln tonna bo‘lgan. Shu tariqa, bir yil ichida eksport hajmi 5,5 ming tonnaga yoki 0,4 foizga oshgan.

Biroq mahsulotlarni eksport qilishdan olingan tushumda o‘sish kuzatilmadi. Mazkur davrda  meva-sabzavot eksportining qiymati 1,03 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,9 foizga kamaydi. 2025-yilning shu davrida ushbu ko‘rsatkich 1,07 mlrd dollar bo‘lgan. Meva-sabzavot mahsulotlarining umumiy eksportdagi ulushi esa 5,1 foizni tashkil etdi.

Sabzavotlar eksporti

Dastlabki yetti oyda O‘zbekiston 539,6 ming tonna sabzavot mahsulotlarini eksport qildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 55,4 ming tonnaga yoki 11,4 foizga ko‘p. Eksport qiymati esa 165,9 mln dollardan 200,5 mln dollarga yetib, 20,8 foizga oshdi.

Sabzavotlar eksportida asosiy ulush piyoz va karamga to‘g‘ri keldi. Shu bilan birga, pomidor, sabzi va sarimsoq eksportida ham o‘sish kuzatildi:



Mahsulot

2025-yil, ming tonna

2026-yil, ming tonna

2025-yil, mln dollar

2026-yil, mln dollar

Piyoz

284,0

304,1

79,7

89,3

Karam

126,9

139,4

48,7

54,7

Pomidor

30,8

33,0

24,8

34,4

Sabzi

39,2

57,5

8,0

13,1

Sarimsoq

3,4

5,6

4,7

8,9

Jadvaldan ko‘rinadiki, besh asosiy mahsulotning barchasida eksport hajmi va qiymati oshgan. Eng katta hajm piyozga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, sabzi va sarimsoq eksportida nisbatan ko‘tarilgan.

Bundan tashqari, tarvuz va qovun sotuvida o‘ziga xos holat kuzatildi: eksport hajmi 175,7 ming tonnadan 173,9 ming tonnagacha biroz kamaygan bo‘lsa-da, uning qiymati 41,9 mln dollardan 55,1 mln dollarga oshdi.

Mevalar va rezavorlar eksporti

Meva va rezavorlar eksportida pasayish kuzatildi. Ular  251 ming tonna miqdorda xorijga sotildi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 39,8 ming tonna yoki 13,7 foizga kam. Qiymat ham 330,8 mln dollardan 308 mln dollargacha tushib, 6,9 foizga qisqardi:

Mahsulot

2025-yil, ming tonna

2026-yil, ming tonna

2025-yil, mln $

2026-yil, mln $

Shaftoli

87,9

92,3

80,5

91,7

Gilos

34,3

25,2

72,5

59,9

O‘rik

61,0

26,4

46,7

32,4

Quritilgan uzum

54,6

51,6

73,3

62,1

Uzum

29,5

37,8

24,9

28,9

Umuman olganda, ayrim mahsulotlar eksporti oshganiga qaramay, gilos va o‘rik kabi asosiy mahsulotlar hajmining keskin kamayishi meva va rezavorlar eksportining umumiy natijasiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Shuningdek, boshqa mahsulotlarda ham turlicha natija ko‘rindi:

Mahsulot

2025-yil, ming tonna

2026-yil, ming tonna

2025-yil, mln $

2026-yil, mln $

Tarvuz va qovun

175,7

173,9

41,9

55,1

Yeryong‘oq va yong‘oqlar

13,1

13,3

31,2

30,3

Mosh

33,6

35,7

32,1

33,9

Jadvaldan ko‘rinib turibdiki, tarvuz va qovun eksportida hajm biroz kamaygan bo‘lsa-da, daromad oshgan. Yeryong‘oq va yong‘oqlarda esa hajm deyarli o‘zgarmagan, qiymat pasaygan. Mosh eksportida ham hajm, ham qiymat ko‘tarilgan.

Xulosa o‘rnida aytganda, yetti oy yakunida sabzavotlar eksporti ham hajm, ham qiymat jihatidan o‘sdi, meva va rezavorlar eksporti esa kamaydi. Natijada umumiy eksport hajmi biroz oshgan bo‘lsa-da, undan tushgan tushum 1,1 mlrd dollardan 1,03 mlrd dollargacha qisqardi.

Muallif: Diyora Xabibullayeva

Teglar

Mavzuga oid