Logo

Surxondaryoda xodimni ta’tilda majburan ishlatgan mulozim javobgarlikka tortildi

Bugun 13:561 daqiqa

Mehnat ta’tilida ekani va sog‘lig‘i sababli shifokor nazoratida turganini aytgan xodimga rahbar rasmiy chaqiruv qog‘ozisiz do‘q-po‘pisa qilib, «Mendan prav so‘rama», «Yoqmasa sur», «Qoningni ichaman» degan tahdidli gaplar bilan bosim o‘tkazgani o‘z isbotini topdi.

Surxondaryoda xodimni ta’tilda majburan ishlatgan mulozim javobgarlikka tortildi © Ijtimoiy tarmoqlar

Surxondaryo viloyati Uzun tumani «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasasining yangi tayinlangan direktori A. Abdusattorov xodimni ta’tilda majburan ishlatgani uchun javobgarlikka tortildi. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi xabar berdi.

Oldinroq tarmoqlarda tashkilot rahbariga 10-15 nafar amaldagi xodimlarni «zakaz» bo‘yicha majburiy ravishda ishdan bo‘shatish topshirig‘i berilgani va u hozirda shuni amalga oshirishga kirishgani haqidagi ma’lumotlar tarqalgandi.

Mehnat ta’tilida ekani va sog‘lig‘i sababli shifokor nazoratida turganini aytgan xodimga rahbar rasmiy chaqiruv qog‘ozisiz do‘q-po‘pisa qilib, «Mendan prav so‘rama», «Yoqmasa sur», «Qoningni ichaman» degan tahdidli gaplar bilan bosim o‘tkazgan. Inspeksiya tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv davomida mehnat qonunchiligi buzilgani va qonuniy ta’tilda bo‘lgan xodim uning xohish-irodasiga zid ravishda majburiy ravishda ishga jalb etilgani va unga nisbatan tahdidli munosabatda bo‘lingani o‘z tasdig‘ini topdi.

Aniqlangan qonunbuzilish yuzasidan muassasa rahbariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasi (mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) asosida ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llandi.

Teglar

Mavzuga oid