Logo

Sietl va AQSHning boshqa shaharlarida 1-sentabr «O‘zbekiston mustaqilligi kuni» deb e’lon qilindi

Bugun 16:283 daqiqa

AQSHning Sietl shahri va poytaxt Vashington, shuningdek, Oregon shtati hamda Sitak shahrida 2026-yil 1-sentabr rasman «O‘zbekiston mustaqilligi kuni» deb e’lon qilindi. Amerika rasmiylari o‘zlari imzolagan hujjatlarda bir qator masalalarni tilga olgan. Prezident administratsiyasi rahbarining maslahatchisi hamda administratsiyaning AQSHdagi vakili Komil Allamjonov esa bu borada o‘z sahifasiga post joyladi.

Sietl va AQSHning boshqa shaharlarida 1-sentabr «O‘zbekiston mustaqilligi kuni» deb e’lon qilindi

Sietl shahri (AQSHning Vashington shtati) meri Keti B. Uilson 1-sentabrni shaharda O‘zbekiston mustaqilligi kuni deb e’lon qildi. Bu haqda bahorda Sietlda ochilgan O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xabar berdi.

Shu munosabat bilan qabul qilingan proklamatsiyada O‘zbekiston bu yil o‘z mustaqilligining 35 yilligini nishonlayotgani va Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholiga ega mamlakat ekani qayd etilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Sietl biznes hamjamiyati uchun keng hamkorlik imkoniyatlarini taklif qila olishi ta’kidlangan.

Poytaxt Vashington meri Miriyel Bauzer 1-sentabrni shaharda O‘zbekiston mustaqilligi kuni deb e’lon qiluvchi maxsus farmoyishni imzoladi. Imzolangan deklaratsiyada mustaqillik kunining ahamiyati, AQSHning esa O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgani ko‘rsatib o‘tilgan.

«Bu yili respublika o‘z mustaqilligining 35 yilligini nishonlaydi. Ushbu sana har yili 1-sentabrda bayram qilinib, o‘zbek xalqining boy madaniy merosi, erishgan yutuqlari hamda xalqaro hamjamiyatdagi nufuzini e’tirof etadi», — deyiladi mer imzolagan hujjatda.

1



Hujjatda Bosh konsulxonaning yaqinda ochilishi Sietlni AQSHda O‘zbekistonning «to‘g‘ridan-to‘g‘ri diplomatik vakolatxonasi» mavjud bo‘lgan sanoqli shaharlardan biriga aylantirgani ham qayd etilgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Vashington shtatida O‘zbekistondan borgan 3000 dan ortiq kishi yashaydi. Ularning aksariyati Sietl va uning atrofidagi shaharlarda, jumladan, texnologik va transmilliy kompaniyalarda ishlaydi. Shu yil yozida Sietlda «O‘zbek mahallasi» jamoat tashkiloti ham tashkil etildi.

O‘zbekiston Mustaqillik kuni Nyu-York shtatida ham muntazam ravishda nishonlanadi. Shtat Senatining 2026-yilgi rezolyutsiyasida AQSHda 60 mingdan ortiq o‘zbek istiqomat qilishi, ularning yarmi Nyu-York shtati va unga yaqin hududlarda yashab, turli sohalar rivojiga hissa qo‘shayotgani aytilgan.

Bundan tashqari, Sietl shahri va poytaxt Vashingtondan so‘ng, Oregon shtati gubernatori hamda Sitak shahri meri ham o‘z hududlarida 1-sentabrni O‘zbekiston mustaqilligi kuni deb e’lon qildi. Shtat gubernatori Tina Kotek imzolagan proklamatsiyada O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar, mamlakatning xalqaro maydondagi faolligi hamda Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlariga alohida e’tibor qaratilgan.

2



Oregon rahbariyati O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar savdo, investitsiyalar, texnologiyalar, ta’lim, toza energetika, turizm va xalqlararo almashinuvlar orqali tobora kengayib borayotganini ham e’tirof etgan. Hujjatda O‘zbekistonning Sietl shahridagi Bosh konsulxonasi Oregon shtatiga ham xizmat ko‘rsatishi va O‘zbekiston bilan Oregon o‘rtasidagi madaniy, iqtisodiy, ta’lim hamda xalqlararo aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilayotgani alohida qayd etilgan.

34



Shuningdek, Oregon shtati O‘zbekiston bilan madaniy, ta’lim, iqtisodiy va xalqlararo munosabatlarni izchil kengaytirishni olqishlashi rasman bildirilgan. O‘zbek-Amerika hamjamiyati va O‘zbekiston do‘stlarining ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va do‘stlikni mustahkamlashdagi hissasi ham e’tirof etilgan.

«Oregon gubernatorining ushbu qarori O‘zbekiston mustaqilligi kunining AQSHning butun bir shtati miqyosida rasman e’tirof etilishi bo‘lib, mamlakatimizning xalqaro nufuzi yuksalayotgani, O‘zbekiston–AQSH munosabatlari esa federal daraja bilan bir qatorda shtatlar kesimida ham yangi bosqichga ko‘tarilayotganining yana bir yorqin ifodasidir», — deya yozgan Bosh konsulxona.

O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasining AQSHdagi vakili Komil Allamjonov esa amerikalik hamkorlarga mazkur tashabbus uchun minnatdorlik bildirdi.

«Ushbu tashabbus uchun amerikalik hamkorlarimizga samimiy minnatdorlik bildiraman», — deya post qoldirdi u Telegram sahifasida.

Oregon shtati AQSHning Tinch okeani sohilidagi iqtisodiy va texnologik jihatdan muhim shtatlaridan biri, «chiplar markazi» hisoblanadi. Aholisi 4,3 mln kishi, iqtisodiyoti esa 340 mlrd dollardan ortiq. Shtat AQSHning yetakchi yarimo‘tkazgich va yuqori texnologiyalar markazlaridan biri bo‘lib, u yerda «Intel»ning yirik ilmiy-ishlab chiqarish majmuasi joylashgan. Oregon, shuningdek, AQSHda umumiy savdo solig‘i mavjud bo‘lmagan 5 shtatdan biri hamda qariyb 584 km Tinch okeani sohiliga ega.

Teglar

Mavzuga oid