
Ozarboyjon va Armaniston sulh shartnomasi bo‘yicha yakunlovchi bosqichga yaqinlashdi
30.05.2025 | 08:1523432
Ozarboyjon va Armaniston diplomatik kanallar orqali tinchlik shartnomasini imzolash masalasida faol muzokaralar olib bormoqda. Armaniston Xavfsizlik kengashi kotibi Armen Grigoryanning so‘zlariga qaraganda, hujjat matni to‘liq kelishilgan va faqat imzo qo‘yish qolgan.

Grigoryan jurnalistlarga bergan bayonotida, Armanistonning YeTTB Minsk guruhini rasman tugatish bo‘yicha bayonotni ham aynan tinchlik shartnomasi imzolanadigan kunida e’lon qilishga tayyor ekanini bildirdi. Bu guruh Qorabog‘ nizosini tartibga solish bo‘yicha asosiy xalqaro platforma hisoblanardi.
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan esa tinchlik jarayonida to‘siq bo‘lmaslik uchun mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgartish kiritishga ham tayyor ekanini aytdi. Agar Konstitutsiyaviy sud kelishuvni ma’qullamasa, Pashinyan buni xalq bilan ochiq muloqot asosida amalga oshirishni taklif qildi.
«Bu tinchlik imkoniyatini boy berishga haqqimiz yo‘q. Uzoq muddatli barqaror tinchlikka erishish uchun barcha sa’y-harakatlarimizni ishga solamiz», — dedi u Yerevanda o‘tkazilgan forumda.
Pashinyan, shuningdek, tinchlik shartnomasini imzolash Armaniston hukumati uchun asosiy ustuvor yo‘nalish ekanini ta’kidladi. Bu orqali u mintaqada uzoq muddatli barqarorlikka erishish imkoni borligini bildirdi.





