O‘zbekiston YeOTBning uchinchi yirik aksiyadoriga aylanadi
O‘zbekiston Yevroosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘ldi. Mamlakat ulushi 10 foizga yetib, Rossiya va Qozog‘istondan keyingi uchinchi yirik ishtirokchiga aylanadi.

O‘zbekiston Yevroosiyo taraqqiyot bankining to‘laqonli a’zosi sifatida tashkilot kapitalidan 0,66 foizlik ulush oldi. Garchi bu ko‘rsatkich hozircha Qirg‘iziston, Tojikiston va Belarusnikidan past bo‘lsa-da, yangi aksiyadorning paydo bo‘lishi bank ichidagi mavjud kuchlar muvozanatini o‘zgartirib yubordi. Xususan, kapital hajmi oshganiga qaramay, Rossiya (44,49 foiz) va Qozog‘iston (37,04 foiz) kabi asosiy ishtirokchilarning ulushlari biroz qisqardi va barcha a’zolarning ovoz berish imkoniyatlari «yuvildi».
2025-yil yakuniga ko‘ra, Toshkent bankning to‘langan kapitaliga dastlabki 10 mln dollar miqdorida mablag‘ kiritdi. Biroq, mamlakatning umumiy obuna hajmi ancha yuqori bo‘lib, u 777,8 mln dollarni tashkil etadi. Ushbu summaning 609,4 mln dollari talab qilib olinadigan kapital, 158,4 mln dollari esa qo‘shimcha to‘lanadigan qism sifatida belgilangan. Bu majburiyatlar to‘liq bajarilgandan so‘ng, O‘zbekistonning ovoz beruvchi aksiyalardagi ulushi sezilarli darajada oshadi.
Strategik majburiyatlar yakunlangach, O‘zbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankidagi ulushi 10 foizga yetadi va bu tashkilotda yangi kuchlar taqsimotini yuzaga keltiradi.
Natijada, mamlakat faqatgina Rossiya va Qozog‘istondan keyingi o‘rinda turuvchi uchinchi yirik ishtirokchiga aylanadi. Bunday maqom O‘zbekistonga bankning investitsiyaviy siyosatiga faol ta’sir ko‘rsatish va mintaqaviy yirik infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishda keng imkoniyatlar yaratadi.





