Davlat xizmatchilari uchun «avtomobilsiz kun», qishloqlarda naqd pul muammosiga yechim va tashqi savdo hajmi — 30-mart dayjesti

Kecha 23:214 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Davlat xizmatchilari uchun «avtomobilsiz kun», qishloqlarda naqd pul muammosiga yechim va tashqi savdo hajmi — 30-mart dayjesti

Yashil chipta tizimi O‘zbekistonda joriy etiladi

O‘zbekistonda ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida «yashil chipta» tizimi joriy etiladi va u prezident farmoniga ko‘ra 3 oy ichida ishga tushiriladi. Unga ko‘ra, samolyot, poyezd, metro va taksi kabi transport vositalarida har bir marshrutning karbon izi hisoblanib, foydalanuvchilar o‘z sayohatining atrof-muhitga ta’sirini bilish imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, fuqarolar ushbu ta’sirni ixtiyoriy ravishda kompensatsiya qilish uchun «yashil chipta» xarid qilishi mumkin.

Mazkur mexanizm transportdan tashqari ishlab chiqarish va logistika sohalariga ham tatbiq etiladi, mahsulotlar uchun ham karbon izi hisoblanadi va uni kompensatsiya qilish imkoniyati yaratiladi. Hisob-kitoblar Ekologiya qo‘mitasi tasdiqlagan qo‘llanma asosida avtomatik tarzda amalga oshiriladi. «Yashil chipta» orqali yig‘ilgan mablag‘lar maxsus ekologik jamg‘armaga yo‘naltirilib, daraxt ekish, ko‘chatlarni parvarishlash va ekologik muammolarni bartaraf etishga sarflanadi.

O‘zbekistonda qat’iy avtomobilsiz kunlar joriy etilmoqda

O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish va transport yuklamasini kamaytirish maqsadida yangi chora-tadbirlar joriy etilmoqda. Prezident farmoniga ko‘ra, 2026-yil 1-maydan boshlab har oyning 10- va 25-sanalari «Avtomobilsiz kun» deb belgilanib, bu kunlari davlat fuqarolik xizmatchilariga xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish taqiqlanadi. Bu orqali havo ifloslanishini kamaytirish va jamoat transportidan foydalanishni rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, ushbu kunlar ish kuniga to‘g‘ri kelganda haydovchilarning ish haqi to‘liq saqlab qolinadi.

2026-yil 1-avgustdan «trade-in» dasturi joriy qilinib, eski avtotransportni topshirganlarga yangi avtomobil olish uchun avtokredit foizining bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi. Yil yakuniga qadar Toshkent shahri «qizil», «sariq» va «yashil» zonalarga ajratiladi. Shuningdek, 2026-yil 1-apreldan Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida chang bo‘ronlarining oldini olish uchun «yashil devor»lar barpo etish ishlari boshlanadi.

Propan narxini sun’iy oshirgan 31 ta kompaniya jazolandi

Propan narxini sun’iy oshirgan 31 ta kompaniya Raqobat qo‘mitasi qarori bilan jazolandi. Ma’lum qilinishicha, ushbu korxonalar 2025 yil noyabr-dekabr oylari va 2026 yil yanvarda birja savdolarida boshlang‘ich narxlarni asossiz oshirgan va mahsulot hajmini sun’iy cheklash orqali narxlarni ko‘targan. Qo‘mita ko‘rgan choralar natijasida propan narxi 21 foizgacha arzonlashtirildi.

Tekshiruvlar yakuniga ko‘ra, kompaniyalar «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablarini buzgani aniqlanib, ularga jami 28,9 mlrd so‘m jarima qo‘llandi, shuningdek 34,1 mlrd so‘m asossiz daromadni budjetga qaytarish belgilandi. Ayrimlari o‘zaro kelishilgan holda raqobatga zid harakat qilgan, boshqalari esa narxlarni asossiz oshirish va mahsulotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali sotish holatlariga yo‘l qo‘ygan. Qonunbuzarlarga kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan, qarordan norozi tomonlar apellyatsiya yoki sudga murojaat qilishi mumkin.

Qishloqlarda naqd pul muammosi hal etildimi?

Markaziy bank ma’lum qilishicha, qishloq joylarda naqd pul yetishmasligi muammosini hal etish uchun to‘lov tashkilotlari orqali agentlar tizimi joriy etilgan. Unga ko‘ra, aholi agentlar orqali pul yechib olish va hisobini to‘ldirish imkoniga ega bo‘lib, bu tizim bankomatlar yetishmaydigan hududlarda asosiy yechim sifatida xizmat qilmoqda. Hozirgi kunda mamlakat bo‘ylab 17 ming 990 ta agent faoliyat yuritib, kunlik operatsiyalar hajmi o‘rtacha 800 mlrd so‘m kirim va 770–780 mlrd so‘m chiqimni tashkil etmoqda.

Rasmiylarga ko‘ra, deyarli barcha qishloqlarda to‘lov tashkiloti agentlari mavjud bo‘lib, naqd pul muammosi bosqichma-bosqich hal etilmoqda va tizimni yanada kengaytirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, mutaxassislar ayrim hududlarda aholi mahsulotlarni qarzga olib, keyin karta orqali to‘lash amaliyoti saqlanib qolayotganini ham qayd etmoqda.

O‘zbekistonning tashqi savdo hajmi keskin o‘sdi

2026-yil yanvar–fevral oylarida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,1 foizga o‘sib, 11,6 mlrd dollarga yetdi. Bu davrda import hajmi 8 mlrd dollar bo‘lib, 29,8 foizga oshgan, eksport esa 3,54 mlrd dollarni tashkil etib, 23,4 foizga o‘sgan. Eksport tarkibida tovarlar 59,1 foiz ulushga ega bo‘lib, sanoat mahsulotlari, oziq-ovqat, kimyo va tayyor mahsulotlar asosiy qismni tashkil etgan.

Importda mashinalar va transport uskunalari 36,1 foiz bilan yetakchi bo‘lgan, shuningdek sanoat tovarlari va kimyoviy mahsulotlar ham yuqori ulushga ega. Asosiy savdo hamkorlari sifatida Xitoy (27,9 foiz) va Rossiya (18,7 foiz) qayd etilgan, shuningdek Qozog‘iston, Turkiya va Afg‘oniston ham muhim sheriklar qatoriga kiradi.

Mavzuga oid