
O‘zbekistonda avtobus va mikroavtobuslar importi qariyb 3 barobar oshdi
2025 yil boshidan beri O‘zbekistonga 9 ta davlatdan avtobus va mikroavtobuslar olib kelinib, import hajmi o‘tgan yilga nisbatan salkam mingtaga ko‘paydi.

2025 yilning yanvar–oktabr oylarida O‘zbekiston umumiy qiymati 126,6 million dollarlik 1 491 dona avtobus va mikroavtobus import qilgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2025 yilning 10 oyida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 974 dona ko‘p avtobus va mikroavtobus import qilindi. Bu ko‘rsatkich 2,9 barobar oshganini bildiradi.
Bunda O‘zbekiston 9 ta xorijiy davlat bilan savdo munosabatlariga kirishgan. Avtobus va mikroavtobuslarning eng katta qismi Xitoydan keltirilgan. O‘n oyda Xitoydan 1 354 dona transport vositasi import qilingan.
Shuningdek, Rossiyadan 87 dona, Birlashgan Arab Amirliklaridan 22 dona, Germaniyadan 8 dona texnika olib kirilgan. Qolgan davlatlar hissasi 20 dona atrofida bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident qarori bilan 2027 yil 1-yanvarga qadar turizm sohasi sub’ektlari tomonidan import qilinadigan avtobus, elektrobus va mikroavtobuslar bojxona bojidan ozod etilishi belgilangan edi.





