add

O‘zbekistonga yil boshidan beri 161,4 ming tonna banan import qilindi

Mamlakatga banan import qilish hajmi oshmoqda. Bunda asosiy ulush Ekvador hissasiga to‘g‘ri keldi.

O‘zbekistonga yil boshidan beri 161,4 ming tonna banan import qilindi

2025 yilning yanvar–noyabr oylarida O‘zbekistonga xorijdan 161,4 ming tonna banan import qilindi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, banan importi hajmi 2024 yilning shu davriga nisbatan 10,8 ming tonnaga oshgan. Bu mamlakatda sitrus mevalarga bo‘lgan talab barqaror ortib borayotganini hamda tashqi bozorlar bilan savdo aloqalari kengayayotganini ko‘rsatadi.

Import tarkibida Ekvador yetakchi o‘rinni egallab turibdi. 2025 yilning 11 oyida O‘zbekistonga olib kirilgan bananlarning qariyb asosiy qismi — 145,9 ming tonna aynan ushbu mamlakat hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ekvador dunyodagi eng yirik banan eksportyorlaridan biri hisoblanadi.

Ikkinchi o‘rinda Xitoy joylashgan bo‘lib, ushbu davlatdan 13,9 ming tonna banan yetkazib berilgan. Markaziy Osiyo davlatlari ham import geografiyasida mavjud. Xususan, Qozog‘istondan 565,8 tonna, Qirg‘izistondan esa 337,3 tonna banan olib kirilgan.

Shuningdek, Turkiyadan 384,9 tonna banan import qilingan. Qolgan 324,6 tonna mahsulot esa boshqa davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ma’lumot o‘rnida, 2025 yil yanvar–oktabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 66,5 mlrd AQSH dollarini tashkil etgan.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonga yil boshidan beri 161,4 ming tonna banan import qilindi | Vaqt.uz