add

Pekinda G‘alabaning 80 yilligi paradiga 26 davlat rahbari tashrif buyurishi kutilmoqda

28.08.2025 | 13:3029573

3 sentyabr kuni Tiananmen maydonida o‘tadigan tarixiy paradga Vladimir Putin, Kim Chen In va boshqa yirik davlat rahbarlari tashrif buyuradi. Marosimda O‘zbekiston rahbari ham ishtirok etadi.

Pekinda G‘alabaning 80 yilligi paradiga 26 davlat rahbari tashrif buyurishi kutilmoqda
Xitoy poytaxti Pekin 3 sentyabr kuni Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan yirik harbiy paradga mezbonlik qiladi. Marosimda dunyodagi 26 davlat rahbari ishtirok etishi kutilmoqda. Bu haqda Xitoy Markaziy televideniyesi xabar berdi. Paradda eng katta diqqat Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ishtirokida bo‘ladi. Shuningdek, Koreya Xalq Demokratik Respublikasi rahbari Kim Chen In, Belorussiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Tojikiston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Mo‘g‘uliston, Viyetnam va Indoneziya davlat rahbarlari ham marosimga tashrif buyuradi. Bundan tashqari, Armaniston, Pokiston, Malayziya va Slovakiya bosh vazirlari hamda Kambodja qiroli, Laos Xalq inqilobiy partiyasi bosh kotibi, Kuba Kommunistik partiyasi birinchi kotibi va Myanma prezidenti vazifasini bajaruvchi marosimda ishtirok etadi. Parad Pekin markazidagi mashhur Tiananmen maydonida bo‘lib o‘tadi. Tadbir taxminan 70 daqiqa davom etadi. Tantanada 45 ta harbiy qo‘shin qatori namoyish etilishi rejalashtirilgan. Tadbir Xitoy xalqi uchun katta tarixiy ahamiyatga ega. U «yapon bosqinchilariga qarshi qarshilik urushida va Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alaba»ning 80 yilligiga bag‘ishlanadi. Parad orqali mamlakat o‘zining harbiy qudrati va xalqaro nufuzini namoyon qilishni maqsad qilmoqda. Eslatib o‘tamiz, 31 avgust-1 sentyabr kunlari Xitoyning Tianjin shahrida Shanhay hamkorlik tashkilotining XXV sammiti bo‘lib o‘tadi. Unda 23 ta davlat rahbarlarining ishtiroki kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid