
Putindan tahdidli bayonot: «Rus askari qadami yetgan joy bizniki»
20.06.2025 | 22:5632493
Sankt-Peterburgdagi forumda Vladimir Putin Ukrainaga nisbatan keskin bayonot berdi. U butun mamlakatni Rossiyaniki deb atadi va tarixiy da’volarni eslatdi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Sankt-Peterburg iqtisodiy forumidagi chiqishidagi nutqida plenar majlis moderatorining Rossiya armiyasi Ukrainada qayergacha borishi mumkinligi haqidagi savoliga javob berdi.
«Men rus va ukrain xalqini aslida bir xalq deb hisoblayman, bu haqda ko‘p bor aytganman. Shu ma’noda butun Ukraina bizniki. Ammo biz yuzaga kelayotgan voqelikdan kelib chiqamiz. Shubhasiz, qo‘shni mamlakatda o‘z suverenitetini, mustaqilligini ta’minlashga intilayotgan odamlar bor, ular kam emas. Mayli, Xudo ularga sog‘lik bersin. Aytgancha, biz hech qachon Ukraina xalqining mustaqillik va suverenitetga bo‘lgan huquqini shubha ostiga qo‘ymaganmiz», - dedi Putin.
«Shunday qadimiy qoida bor: rus askari qadami yetgan joy bizniki bo‘ladi», - deya qo‘shimcha qildi Putin.
Shuningdek, u Rossiya harbiylari Sumi shahrini «olishi» mumkinligini ta’kidladi.
«Qayerdadir 10 dan 19 kilometrgacha, qayerdadir 8, 10, 12 kilometr. Keyin Sumi shahri, viloyat markazi. Xo‘sh, bizda Sumini qaytarib olish bo‘yicha vazifa yo‘q, lekin, umuman olganda, men buni istisno qilmayman», - dedi Putin.
Rossiya Prezidenti «shu bilan birga, Ukraina mustaqil va suveren bo‘lgan asoslar 1991 yilda Ukraina mustaqilligi to‘g‘risidagi deklaratsiyada bayon etilganini, unda Ukraina bloklarga qo‘shilmagan, yadroviy bo‘lmagan neytral davlat ekanligi aniq yozilgani»ni aytdi.
«Ushbu asosiy qadriyatlarga qaytsak yaxshi bo‘lardi», dedi u.





