Logo

«Imarat Development» asoschisi ushlandi

Kecha 14:112 daqiqa

Jinoyat ishi doirasida tadbirkor bilan birga yana bir kishi protsessual tartibda qo‘lga olingan. Oldinroq kompaniyaga jinoyat ishi ochilib, mijozlarning pulini qaytarmagani yuzasidan tergov harakatlari boshlangandi.

«Imarat Development» asoschisi ushlandi © Kollaj: Vaqt.uz

Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi «Imarat Development» qurilish loyihasi egasi, tadbirkor Marat Hamdamov Toshkent shahar IIBB tomonidan olib borilayotgan jinoyat ishida gumonlanuvchi tariqasida jalb etilgan va Jinoyat protsessual kodeksining 227-moddasi tartibida ushlangan. Bu haqda IIBB matbuot kotibi Nilufar Madiyeva Vaqt.uz’ga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, jinoyat ishi doirasida M.X. va J.A. JPKning 227-moddasi (surishtiruvchining, tergovchining yoki prokurorning qaroriga binoan ushlab turish) tartibida ushlangan.

«Imarat Development» qurayotgan turarjoy majmualari poytaxt hududidan tashqarida joylashgani sababli, ba’zi xaridorlar norozilik bildirib, kompaniya rahbariyatidan xonadonlar uchun kiritilgan mablag‘larni qaytarishni talab qilgan. Biroq, pullar qaytarilmagan.

Xonadon sotib olgan xaridorlar qurilish kechikayotgani va pullarni qaytarib ololmayotgani haqidagi shikoyatlar qilgan. 2025-yildayoq xaridorlarga topshirilishi kerak bo‘lgan bir qator turarjoy majmualaridagi xonadonlar haligacha foydalanishga topshirilmagan. Kechikishlar fonida kompaniya muassislari o‘rtasida nizo kelib chiqqan, sotuv ofisi peshtoqidagi «Imarat» nomi esa «Imtiyaz»ga o‘zgartirilgan.

Buning ortidan Toshkent shahar IIBB tomonidan tekshiruv o‘tkazilgan. Natijada IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 192¹¹-moddasi (nodavlat tashkilot mansabdor shaxsining o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilishi) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda tergov harakatlari Toshkent shahar IIBB boshlig‘i va prokuratura nazoratiga olingan. Tergov yakunlariga ko‘ra, qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.

Teglar

Mavzuga oid