add

Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri ishdan olindi

26.09.2025 | 16:0047843

Qosim-Jo‘mart To‘qayev AQSHdan qaytgach, Tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu doxil bir qator yuqori martabali amaldorlarni lavozimidan ozod qildi. Sentyabr oyi boshida Xitoydagi SHHT sammitidan so‘ng ham Nurtleu hibsga olingani to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi.

Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri ishdan olindi
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev AQSH safaridan qaytganidan so‘ng, tashqi siyosat sohasida katta kadrlar almashinuvini amalga oshirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi. Tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu o‘z lavozimidan ozod etildi va xalqaro investitsiyalar va savdo hamkorligi masalalari bo‘yicha yordamchi etib tayinlandi. Murat Nurtleu 2023 yil aprelidan buyon tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan bo‘lib, u avval Finlandiya va Estoniyada elchi, prezident yordamchisi va prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari kabi muhim lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan. Nurtleu o‘rniga Yermek Kusherbayev Qozog‘istonning yangi tashqi ishlar vaziri sifatida ish boshladi. Kusherbayevning muvaffaqiyatli karyerasida Rossiyadagi elchilik va Sharqiy Qozog‘iston viloyati hokimi lavozimlari muhim o‘rin tutadi. 2025 yil fevralidan boshlab u respublika bosh vazir o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritar edi. Shuningdek, Yerjan Qazixan Prezident yordamchisi lavozimidan chetlatilib, Jenevadagi BMT va xalqaro tashkilotlar huzuriga doimiy vakil etib yuborildi, Yerlan Alimbayev ham Jenevadagi doimiy vakillik lavozimidan olindi. Yerjan Ashiqbayev esa AQSH elchisi lavozimidan ozod qilindi. Sentyabr oyi boshida ham Xitoydagi SHHT sammitidan qaytgan Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu vazifasidan ozod qilinib, o‘z uyida hibsga olingani Orda.kz nashri tomonidan xabar qilingan va keyin bu xabarga rasmiy raddiya berilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid