
Rossiya Markaziy bankidan og‘ir prognoz: yil so‘ngigacha iqtisodiyotda o‘sish nolga tushadi
07.08.2025 | 08:4047694
RF Markaziy bankining ma’lum qilishicha, sanksiyalar va kadrlar tanqisligi ortida iqtisodiy o‘sish sur’ati yil oxiriga borib nolga tushishi mumkin.

Rossiya iqtisodiyoti 2025 yilning oxiriga kelib mutlaq siljimaydigan holatga tushishi mumkin. Bu haqda mamlakat Markaziy banki o‘zining yangilangan makroiqtisodiy tahlillarida ma’lum qildi. Qayd etilishicha, birinchi chorakda YAIM faqat 1,4 foizga o‘sgan — bu o‘tgan yilgi 4,1 foizga nisbatan uch baravar kam.
Ikkinchi chorakda o‘sish 1,8 foizga yetdi, ammo uchinchi chorakda yana pasayishi kutilmoqda — MB hisob-kitobiga ko‘ra, iyul–sentyabr oylarida YAIM 1,6 foizga, to‘rtinchi chorakda esa atigi 0–1 foizga o‘sadi. Bu esa yil yakunida o‘sish deyarli to‘xtashi mumkinligini anglatadi.
Joriy yilda umumiy o‘sish 1–2 foizni tashkil etishi, kelasi yil esa yanada pastlab, 0,5–1,5 foiz atrofida qolishi taxmin qilinmoqda. Bu fonda jahon iqtisodiyoti 3,1 foizga, Xitoy iqtisodiyoti esa 4,9 foizga o‘sishi kutilmoqda. Rossiya esa ulardan ancha ortda qoladi.
2023–2024 yillarda Rossiya YAIMi mudofaa xarajatlari va kontraktchilarga to‘lovlar orqali sun’iy ravishda o‘sgan — ikki yilda umumiy o‘sish 8 foizdan ziyodni tashkil etgan. Biroq endi urush oqibatlari, G‘arb sanksiyalari, kadrlar tanqisligi va yuqori foiz stavkalari iqtisodiyotni sekinlashtira boshladi.
Bloomberg Economics tahlilchisi Aleks Kokcharovga ko‘ra, ko‘plab tarmoqlarda muammolar avj olmoqda: ko‘mir kompaniyalari milliardlab zarar ko‘rmoqda, neft-gaz va metallurgiya sektorlarida foyda bir necha barobar qisqargan, avtozavodlar esa talab yo‘qligi tufayli qisqartirilgan ish haftasiga o‘tmoqda.
MB bu jarayonni «qizishdan chiqish» va «muvozanatlashgan o‘sish» sifatida baholamoqda. Biroq Yevropa siyosat tahlil markazi mutaxassisi Aleksandr Kolyandr buni haqiqiy iqtisodiy sekinlashuv deb atadi. Uning ta’kidlashicha, bunday vaziyat neft narxining pastligi bilan uyg‘unlashsa, byudjet tushumlari ham sezilarli kamayadi.





