
Rossiya va Ukraina o‘rtasida yana harbiy asirlar almashinuvi o‘tkazildi
05.07.2025 | 19:0022522
Asirlikdan qaytgan ukrainaliklarning ko‘pchiligi 2022 yildan beri ozodlikka chiqmagan edi.

4 iyul kuni Rossiya va Ukraina o‘rtasida navbatdagi harbiy asirlar almashinuvi amalga oshirildi. Bu haqda dastlab Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lum qildi, shundan so‘ng Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham bu xabarni tasdiqladi.
Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida: “Vatan himoyachilari uylariga qaytishdi! Ulardan ko‘pchiligi 2022 yildan beri asirlikda edi”, — deb yozdi. U asirlikdan qaytganlarning soni haqida aniq ma’lumot bermagan.
Rossiya Mudofaa vazirligi esa bu almashinuv Istanbulda 2 iyun kuni Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar natijasida amalga oshganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, bir guruh rossiyalik harbiylar qaytarilishi evaziga ukrainaliklar ozod qilingan.
Ma’lum qilinishicha, Rossiyalik harbiylar hozirda Belarus hududida bo‘lib, u yerda ularga tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatilmoqda. Bu 2024 yil iyunida erishilgan kelishuvlar asosida o‘tkazilgan sakkizinchi almashinuvdir.
Tomonlar qaysi asirlar va qancha kishi almashilganini oshkor qilmagan.





