
Shavkat Mirziyoyev Isroilning Qatarga hujumini keskin qoraladi
12.09.2025 | 22:242574
Prezident bu borada Qatar amiri bilan gaplashdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 sentyabr kuni Qatar davlati amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
«Suhbat avvalida davlatimiz rahbari yaqinda Isroil tomonidan Qatar poytaxti Doha shahriga uyushtirilgan raketa zarbalarini keskin qoraladi. Qatar mustaqilligi va suverenitetini buzadigan, uning xavfsizligiga tahdid soladigan bunday nomaqbul xatti-harakatlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi, xalqaro huquqning asosiy qoida va tamoyillariga zid ekani qayd etildi», - deyiladi O‘zbekiston tomoni xabarida.
O‘zbekiston xalqaro munosabatlarda kuch ishlatishning har qanday shakliga va Yaqin Sharqdagi vaziyatning yanada keskinlashishiga olib keladigan qadamlarga qarshi ekani ta’kidlangan.
Suhbat davomida O‘zbekiston prezidenti Qatar tashabbusi bilan chaqirilayotgan navbatdan tashqari arab-islom sammitining muvaffaqiyatli o‘tishini tilagan. Qatar amiri, o‘z navbatida, ko‘rsatilgan birdamlik va qo‘llab-quvvatlov uchun chuqur minnatdorlik bildirgan.
Telefon muloqoti chog‘ida faol siyosiy aloqalarni davom ettirish va ikki mamlakat yetakchi kompaniyalarining kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan choralar ko‘rish masalalari ham muhokama qilingan.
Ma’lumot uchun, Isroil 9 sentyabr kuni Qatar poytaxti Dohada HAMAS amaldorlariga nisbatan havo hujumi uyushtirdi. Axios’ning xabar berishicha, hujum AQSH bilan oldindan kelishilgan holda amalga oshirilgan.
Qatar Tashqi ishlar vazirligi hodisani «jinoiy tajovuz» deb atadi va uni xalqaro huquq normalarining ochiqdan-ochiq buzilishi sifatida qoraladi. Bayonotga ko‘ra, hujum HAMAS Siyosiy byurosi a’zolari istiqomat qiladigan turar-joy binolariga qaratilgan bo‘lib, bu qatarliklar xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi. Rasmiy Dohada xavfsizlik kuchlari hodisaning oqibatlarini bartaraf etish va tergov ishlarini olib borishga kirishgan.





