
«Sigaralar va ozgina shampan»: Tramp Netanyahuni afv etishni talab qilmoqda
13.10.2025 | 23:0044243
Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Isroil bosh vazirining korrupsiyada ayblanishini masxara qilib, yahudiy davlati rahbarini uni afv etishga chaqirdi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Isroil prezidenti Isxaq Gersogdan korrupsiyada ayblanib sud jarayonida bo‘lgan bosh vazir Binyamin Netanyahuni afv etishni so‘radi. Reuters xabar berishicha, dushanba kuni Isroil parlamentida so‘zlagan nutqida Tramp hukumat rahbariga qo‘yilgan ayblovlarni masxaraomuz tarzda tanqid qilgan.
«Sigaralar va ozgina shampan — bu kimni ham bezovta qilardi?» - dedi AQSH prezidenti, Netanyahu inkor etayotgan firibgarlik ayblovlariga ishora qilib.
2019 yil 21 noyabrda Isroil bosh prokurori Netanyahuga qarshi uchta ish: pora olish, firibgarlik va jamoatchilik ishonchini suiiste’mol qilish to‘g‘risida qaror qabul qilganini e’lon qildi. Ayblov xulosalari 2020 yil 28 yanvarda Quddus okrug sudiga topshirilgan.
Eng shov-shuvli «4000-ish» doirasida tergovchilar Netanyahu «Bezek» telekommunikatsiya kompaniyasiga uning hukumati faoliyatini «Valla!»" axborot portali orqali ijobiy yoritish evaziga imtiyozlar bergan, deb hisoblaydilar.
«1000-ish» bo‘yicha firibgarlik va jamoatchilik ishonchini suiiste’mol qilish ayblovlari ikki tadbirkordan shampan va sigara qutilari sovg‘a sifatida olinishi bilan bog‘liq - Tramp o‘z nutqida aynan shu haqda gapirgan.
«2000-ish» bo‘yicha bosh vazir «Yediot axronot» gazetasi egasining manfaatlariga, uning hukumati faoliyatini ijobiy yoritishiga javoban, ko‘maklashishda ayblanmoqda.
Netanyahu o‘ziga qo‘yilgan barcha korrupsiya va suiiste’molchilik ayblovlarini qayta-qayta rad etib kelgan.





