Endi o‘zbekistonliklar Qozog‘istonga kirishda elektron ruxsatnoma olishi talab etiladi
Qozog‘iston 1-noyabrdan vizasiz rejim amal qiladigan davlatlar fuqarolari uchun QazETA elektron ruxsatnomalar tizimini bosqichma-bosqich joriy etishni boshladi.
© Ijtimoiy tarmoqlar1-noyabrdan Qozog‘istonga safar qilayotganlar QazETA elektron ruxsatnomalarini olishi talab etiladi. Bu haqda Qozog‘iston hukumatining 2026-yil 10-oktabrdagi tegishli qarorida belgilab qo‘yildi.
Yangi tartib O‘zbekiston fuqarolariga ham taalluqli. Hozirda QazETA tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda, 2027-yil 1-iyuldan esa elektron ruxsatnoma olish barcha tegishli safarlar uchun majburiy bo‘ladi.
Yangi tartib doirasida sayohatchilar Qozog‘istonga kirishdan kamida 72 soat oldin elektron ruxsatnoma olish uchun maxsus ariza topshirishlari kerak bo‘ladi.
QazETA qanday rasmiylashtiriladi va u qancha vaqt amal qiladi?
Elektron ruxsatnomani olish jarayoni bepul bo‘lib, u davlatning raqamli platformasi — Qazeta.kz sayti yoki QazETA mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.
Ruxsatnomani rasmiylashtirish uchun fuqarolardan tizimda ro‘yxatdan o‘tish, pasport orqali shaxsni tasdiqlash hamda safar haqidagi zarur ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda elektron ariza to‘ldirish talab etiladi.
Ariza yuborilib, tizim tomonidan tasdiqlangach, elektron ruxsatnoma taqdim etiladi.
Berilgan ruxsatnoma 180 kun davomida amal qiladi. Biroq qayd etilishicha, ushbu hujjat Qozog‘istonda bo‘lish uchun ruxsat berilgan qonuniy muddatni avtomatik tarzda uzaytirib bermaydi.
Ta’kidlanishicha, QazETA'ning yo‘qligi mamlakatga kirishni rad etish uchun asos bo‘lmaydi. Chegarachilar hozircha faqatgina ruxsatnomaning mavjudligini tekshirib, uni rasmiylashtirish tartibini tushuntirmoqda.
Kimlar elektron ruxsatnoma olishdan ozod qilingan?
Yangi talab barcha fuqarolarga nisbatan qo‘llanilmaydi. Xususan, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar, 65 yoshdan oshgan fuqarolar hamda Qozog‘istonda yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslar QazETA rasmiylashtirishdan ozod etilgan.
Bundan tashqari, diplomatlar, rasmiy delegatsiyalar a’zolari, xalqaro tashkilotlar xodimlari, havo va dengiz kemalari ekipajlari, poyezd brigadalari, shuningdek, qochqinlar va boshpana izlovchilarning ayrim toifalari uchun ham istisnolar amal qiladi.
Chegaradan o‘tishdagi muhim jihatlar
Qoidalarga ko‘ra, chegarani kesib o‘tishda sayohatchi ruxsatnomani rasmiylashtirishda foydalanilgan pasportning o‘zini ko‘rsatishi lozim.
Shuningdek, rasmiylar QazETA'ning mavjudligi Qozog‘istonga avtomatik kirishni kafolatlamasligini eslatib o‘tmoqda. Mamlakatga kiritish bo‘yicha yakuniy qaror chegara nazoratidagi vakolatli organ tomonidan qabul qilinadi.





