Yangi Toshkent qurilishida Turkiyaning «OYAK» kompaniyasi ishtirok etishi mumkin
Shavkat Mirziyoyev Anqarada Turkiyaning bir qator yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi. Muzokaralarda Yangi Toshkent qurilishi, energetika, sanoat va infratuzilma sohalaridagi investitsiya loyihalari muhokama qilindi.
© Prezident matbuot xizmatiShavkat Mirziyoyev 29-oktabr kuni Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammiti doirasida «OYAK» kompaniyasi bosh ijrochi direktori Murat Yalchintashni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari so‘nggi yillarda Turkiya bilan strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani, bu jarayonda ishbilarmon doira vakillarining o‘rni va hissasi beqiyos ekanini qayd etdi.
Muloqot chog‘ida turkiyalik hamkor har bir sarmoyador uchun katta imkoniyatlar maydoniga aylanib borayotgan Yangi O‘zbekistonda kimyo sanoati, geologiya va qurilish sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
Shuningdek, Yangi Toshkentda turar joy majmualari va tashqi infratuzilma obyektlari qurilishida faol ishtirok etishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, prezident Anqarada «Evyap Holding» kompaniyasi boshqaruv kengashi a’zosi O‘mer Evyapni qabul qildi.
Muloqot chog‘ida kompaniya rahbari Yangi O‘zbekistonda turk kompaniyalari uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoit va taqdim etilayotgan keng imtiyozlar tufayli ularning soni yil sayin oshib borayotganini qayd etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Evyap Holding kompaniyasi shaxsiy gigiyena va kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarish sohasidagi boy tajribasidan kelib chiqib, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyorligi bildirildi.
Uchrashuvda OSTIM Global O‘zbekiston—Turkiya sanoat zonasida yo‘lga qo‘yilayotgan yangi loyihani jadallashtirishga kelishib olindi. Shuningdek, ishlab chiqarish uchun zarur xomashyoni mahalliylashtirish imkoniyati atroflicha ko‘rib chiqildi.
«EKSIM Holding» kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Ebubekir Tivnikli bilan uchrashuvda esa ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Muloqot davomida qayta tiklanuvchi energetika, geologiya va tog‘-kon sanoati, infratuzilma, elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalarini tashkil etish va oziq-ovqat sanoati sohalaridagi loyihalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda yangi elektr uzatish tarmoqlarini barpo etish, geologiya yo‘nalishidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev Anqara shahrida «Anadolu Group» xoldingi boshqaruv kengashi raisi Kamilxan Sulaymon Yazijini qabul qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Uchrashuvda ushbu kompaniyaning salqin ichimliklar va avtomobilsozlik sohalarida O‘zbekiston bozoriga kiritgan yirik investitsiyalari mamlakatdagi islohotlarga bo‘lgan ishonchning yaqqol ifodasi ekani alohida ta’kidlandi.
Jumladan, Samarqanddagi «SamAvto» korxonasini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish quvvatlari va eksport mahsulotlari hajmini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha investitsiya loyihalari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida Turkiyaning yirik chakana savdo tarmog‘ini O‘zbekiston bozoriga olib kirish, chorvachilik majmuasini barpo etish, go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish kabi istiqbolli yo‘nalishlar ham ko‘rib chiqildi.





