Logo

Prezident o‘rniga vazir qatnashgan sammit. Sovuqchilikka sabab nima?

Kecha 20:386 daqiqa

Oktyabr so‘ngida Anqarada Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston prezidenti ham qatnashib, qator takliflar berdi. Biroq sammitda prezident Ilhom Aliyev ko‘rinish bermadi. Uning bormagani Erdo‘g‘an uchun noqulay vaziyatni yuzaga keltirdi. Bu Turkiya rahbarining turkiy davlatlar birligi haqidagi asosiy g‘oyasiga ham soya soldi. O‘zi nima bo‘lgandi?

Oktyabr oxirida Anqarada Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning taklifiga binoan prezident Shavkat Mirziyoyev ham rafiqasi bilan Turkiyada bo‘lib qaytdi. Ammo Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari va boshqa vakillar ishtirok etgan sammitda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev ko‘rinish bermadi. Hukumat Anqaraga tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramovni yubordi. Xo‘sh, Aliyev nega bormadi? Sammitda qaysi masalalar muhokama qilindi? O‘zbekiston rahbari nimalar dedi?

Erdo‘g‘an taklif qildi, Aliyev bormadi

Hammasi Ozarboyjonda maktab o‘quvchilari uchun joriy qilingan yagona kiyim qoidalari atrofidagi bahsdan boshlandi. Gap shundaki, 2026-yilning sentabr oyida Ozarboyjonda maktab formasi bilan bog‘liq yangi talablar yuzasidan bahslar kuchaydi. Ayrim holatlarda hijob kiygan qizlar maktabga kiritilmadi.

Bu holat Turkiyada keskin norozilikka sabab bo‘ldi. Turkiyadagi ayrim siyosatchilar, diniy guruhlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Ozarboyjon hukumatini tanqid qildi. Boku esa bu tanqidlarni mamlakatning ichki ishlariga aralashish sifatida qabul qildi.

Erdo‘g‘anning maslahatchisi ham aralashdi

Mojaro Erdo‘g‘anning maslahatchisi Oktay Saralning chiqishlaridan keyin yanada keskin tus oldi. Saral Ozarboyjondagi maktab formasi va hijob bilan bog‘liq cheklovlarni tanqid qildi. Bu esa Bokuda norozilik uyg‘otdi. Ozarboyjon tomoni boshqa davlat vakillarining mamlakat ichki siyosatini tanqid qilishini nomaqbul deb hisobladi. Shundan keyin Oktay Saral ishdan olindi. Bu Anqaraning vaziyatni yumshatish yo‘lidagi qadami edi. Lekin aftidan, Boku uchun bu hali yetarli bo‘lmagan. Negaki, Saral ishdan olingach, ko‘pchilik ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tez orada avvalgi holatiga qaytadi, deb o‘ylagan edi. Biroq bunday bo‘lmadi.

Aliyevning Anqaradagi sammitda ishtirok etmaslik qarori kelishmovchilik hali tugamaganini ko‘rsatdi. Endi bu vaziyat qanday davom etishini aytish qiyin. Chunki ikki davlat o‘rtasidagi asosiy muammo ancha murakkab.

Aliyevning sammitga bormagani Erdo‘g‘an uchun noqulay vaziyatni yuzaga keltirdi. Bu Turkiya prezidentining turkiy davlatlar birligi haqidagi asosiy g‘oyasiga ham soya soldi. Sammit «Turkiy asr: tilda, fikrda va harakatda birlik» shiori ostida o‘tkazildi. Erdo‘g‘an sammitda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlariga murojaat qilar ekan, tadbir ishtirokchilari birgalikda tushgan suratni esga oldi. Uning aytishicha, bu surat xalqlarning o‘tmishiga sodiqligini va umumiy kelajakni birgalikda qurishga intilishini ifodalaydi.

Biroq suratda Aliyevning yo‘qligi Erdo‘g‘anning bu gaplarini biroz ishonchsiz ko‘rsatdi. Ozarboyjon delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov rahbarlik qildi. U ikki davlat o‘rtasidagi kelishmovchilik haqida hech narsa demadi, faqat Turkiya tomonidan ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Yana bir sabab — Isroil

Aslida, ziddiyatga sabab faqatgina hijob masalasi emas. Ozarboyjonda davlat nazorati kuchli bo‘lgan ommaviy axborot vositalarining yozishicha, Boku va Anqara o‘rtasidagi asosiy kelishmovchilik Isroil bilan bog‘liq. Bir qator tahlilchilar ham Isroil masalasi ikki mamlakat o‘rtasidagi chuqurroq kelishmovchiliklardan biri ekanini ta’kidlagan. 29-oktabr kuni «Minval» nashrida e’lon qilingan tahliliy maqolada Anqara tomonidan hijob masalasi bo‘yicha bildirilgan tanqidlar Ozarboyjonda avvaldan mavjud bo‘lgan norozilikni kuchaytirgani aytilgan. Bu norozilikning asosiy sababi — Bokunun Isroil bilan yaqin strategik hamkorligidir.

Isroil Ozarboyjonga harbiy texnika, jumladan, dronlar yetkazib bergan. Bu qurollar 2023-yilda Ozarboyjon armiyasiga Tog‘li Qorabog‘ ustidan to‘liq nazoratni tiklashda yordam bergan. Erdo‘g‘an esa Isroilning G‘azodagi siyosatini bir necha bor keskin tanqid qilgan.

Ozarboyjon OAVlarida so‘nggi uch yil davomida mamlakat bir necha bor nishonga olingani, bunda hujumlarning asosiy mavzusi har doim uning Isroil bilan hamkorligi bo‘lgani aytilgan. Aytilishicha, amalda Bokudan tashqi siyosatini boshqa davlatlarning xohishi va qarashlariga moslashtirish talab qilinmoqda. Boku o‘z tashqi siyosatini Anqaraning talablariga qarab o‘zgartirishni istamaydi. «Minval» nashrining maqolasida Ozarboyjonning Isroil bilan yaqin munosabatlari sabab Turkiya ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarida mamlakatga nisbatan uzoq vaqtdan beri ayblov va haqoratlar yog‘ilayotgani aytilgan. Maqolada Erdo‘g‘anning nomi to‘g‘ridan-to‘g‘ri tilga olinmagan. Biroq unda Turkiya rahbariyati vaziyatning shu darajaga yetishiga yo‘l qo‘ygani tanqid qilingan.

Rasmiy Anqara bu jarayonga juda kech aralashgani, agar zarur choralar o‘z vaqtida ko‘rilganida va hukumat holatga befarq qaramaganida, vaziyat bunchalik keskinlashmasligi bildirilgan. Ozarboyjon TDT faoliyatida ishtirok etishda davom etishi ta’kidlangan. Biroq tashkilot teng huquqli davlatlar birlashmasi bo‘lishi, unda Turkiya ustunlik qilmasligi kerakligiga alohida urg‘u berilgan. Bunday birlikni faqat umumiy tarix va xalqlar o‘rtasidagi yaqinlik bilan saqlab qolib bo‘lmasligi, buning uchun har bir davlatning mustaqilligini tan olish va bir-birini hurmat qilish kerakligi urg‘ulangan.

Bokudagi boshqa nashrlarda ham shunga o‘xshash fikrlar bildirilgan. Jumladan, «Haqqin.az» nashrida e’lon qilingan maqolada qardosh davlat ham mustaqil ekani va o‘z qarorlarini o‘zi qabul qilish huquqiga egaligini Turkiyada hali hamma ham tushunib yetmagani aytilgan.

Diplomatik norozilik

Hijob masalasidan so‘ng avj olgan mojaro davomida Turkiyadagi Ozarboyjon elchixonasi oldida namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Ijtimoiy tarmoqlarda Ozarboyjon rahbariyatiga qarshi keskin chiqishlar qilindi. Boku bunga javoban Turkiyaning 31 fuqarosini mamlakatga kirishi taqiqlangan shaxslar ro‘yxatiga qo‘shdi. Shu tariqa, masala ijtimoiy tarmoqdagi bahslardan chiqib, davlatlararo munosabatlarga ta’sir ko‘rsata boshladi.

Bormaslikning asl sababi nima?

Turkiya tomoni munosabatlarni yumshatish uchun ayrim qadamlarni ham tashladi. Ammo Aliyev baribir Anqaraga bormadi. Ozarboyjon nashrlari prezidentning 30-oktabr kuni Bokuda 15 yoshli futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatining yopilish marosimida qatnashishi oldindan rejalashtirilganini ma’lum qildi. Bu rasmiy Ozarboyjon axborot agentligi keltirgan izoh edi. Ammo boshqa xalqaro nashrlar voqeani ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik keskinlik bilan bog‘lamoqda. Siyosatshunos Hakan Gunesh esa Turkiya va Ozarboyjon munosabatlari so‘nggi 35 yildagi eng salbiy nuqtalardan biriga yetganini ta’kidladi.

Bu O‘zbekiston uchun nimani anglatadi?

Bu voqea O‘zbekiston uchun ham bevosita qiziq. Chunki O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotining muhim a’zolaridan biri. Tashkilotning mustahkamligi va a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik Markaziy Osiyodagi iqtisodiy va siyosiy aloqalar uchun ham ahamiyatli. Turkiya va Ozarboyjon o‘rtasidagi kelishmovchiliklar tashkilot ichidagi hamkorlikka ta’sir qilishi mumkin.

Mirziyoyev nimalar dedi?

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-oktabr kuni rafiqasi, birinchi xonim Ziroat Mirziyoyeva hamrohligida amaliy tashrif bilan Anqaraga bordi. Uni aeroportda Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz va boshqa rasmiylar kutib oldi.

Tashrif davomida Mirziyoyev Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashdi. Muzokaralar yakunida ikki davlat biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajadagi kengashni ta’sis etish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.

Prezident Turkiyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan ham muloqot qildi. Bundan tashqari, Turkiyada yashovchi o‘zbekistonliklar bilan uchrashib, ularning ahvolini so‘radi.

Anqara safari Turkiy davlatlar tashkilotining 13-sammiti bilan davom etdi. Mirziyoyev sammitda turkiy davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator takliflarni ilgari surdi.

Ulardan biri — «Turkiy dunyo – 100» dasturi. U yuzta strategik qo‘shma investitsiya va sanoat loyihasini qamrab olishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, «O‘rta koridor» va boshqa transport yo‘laklarini yagona iqtisodiy tizimga aylantirish, turkiy davlatlar logistika komplekslari tarmog‘i va Turkiy turizm alyansini tashkil etish taklif qilindi.

Sammitda yana bir muhim tashabbus — 2027-yilni Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida «Tabiatni asrash yili» deb e’lon qilish masalasi ilgari surildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston rahbari turkiy davlatlar o‘rtasida ID-karta orqali safar qilish imkoniyatini kengaytirish, chegaradan o‘tish va davlatlar hududida bo‘lish tartibini soddalashtirishni taklif qildi.

Teglar

Asadbek Komilov

Asadbek KomilovMaqolalar soni: 552

Barchasi

Mavzuga oid

Prezident o‘rniga vazir qatnashgan sammit. Sovuqchilikka sabab nima? | Vaqt.uz