Logo

«Tolibon» vaziri O‘zbekistonda Islomning faqat nomi qolganini aytdi

O‘zbekiston TIV matbuot kotibi holat yuzasidan Vaqt.uz’ga izoh berarkan, bayonotni mutlaqo asossiz va «dezinformatsiya» deya atadi.

«Tolibon» vaziri O‘zbekistonda Islomning faqat nomi qolganini aytdi © Ijtimoiy tarmoqlar

Afg‘onistondagi «Tolibon» muvaqqat hukumatining Fazilatni targ‘ib qilish va buzuqlikning oldini olish vaziri Xolid Hanafiy O‘zbekistonga qarshi bayonot berib, bir vaqtlar islom sivilizatsiyasi va ilm-fanining eng muhim markazlari bo‘lgan Samarqand, Buxoro va Termiz shaharlarida bugun islomdan faqat nomi qolganini da’vo qildi. Bu haqda u oriy yilning 10-iyul kuni Afg‘onistonning janubiy-sharqiy viloyatlaridan kelgan ulamolar bilan uchrashuvda so‘z ochgan.

Vazir Islom ummatiga rahbarlik qilish vazifasi ulamolar zimmasida bo‘lishi lozimligini urg‘ulagan va O‘zbekiston diniy ulamolarini ham tanqid qilgan. Uning aytishicha, mamlakatda diniy masalalar bo‘yicha qarorlarni ulamolar emas, balki dunyoviy davlat tizimi belgilamoqda.

Shuningdek, «Tolibon» mulozimiga ko‘ra, O‘zbekiston boy islomiy merosga ega bo‘lishiga qaramay, Islomdan ancha uzoqlashgan.

«Revayet» nashri vazirning bu so‘zlari bir necha jihatdan e’tiborga molik ekanini yozib, so‘nggi yillarda O‘zbekiston «Tolibon»ning Markaziy Osiyo eng yaqin siyosiy va iqtisodiy hamkorlaridan biri bo‘lib kelayotgaini ta’kidlagan.

«Bu qarashda «Tolibon» talqiniga mos kelmaydigan har qanday madaniyat, an’ana yoki diniy tushuncha osonlikcha «islomiy emas» deb baholanishi mumkin. Xolid Hanafiyning Samarqand, Buxoro va Termiz haqidagi so‘zlari ham aynan shu dunyoqarash aksidir. Ushbu qarash hatto islom sivilizatsiyasida ulkan o‘rin tutgan shaharlarni ham haqiqiy islomdan uzoq deb baholaydi.

Shubhasiz, O‘zbekiston va «Tolibon» o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik qisqa muddatda har ikki tomonga ma’lum manfaat keltirishi mumkin. Ammo bu munosabatlar faqat tovar ayirboshlash bilan cheklanmaydi. Mafkura ham savdo kabi chegaralardan o‘tishi mumkin» — deya yozadi nashr.

Vaqt.uz «Tolibon» vazirining shov-shuvlarga sabab bo‘layotgan bayonoti yuzasidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonulla Fayziyevdan munosabat oldi. Uning aytishicha, ushbu xabarlar mutlaqo asossiz. Tarqalgan bayonot rasman e’lon qilinmagan va Afg‘oniston rasmiy ommaviy axborot vositalari tomonidan tarqatilmagan.

Matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, mazkur masala yuzasidan O‘zbekiston elchisi afg‘on tomoni bilan gaplashgan va vaziyatga aniqlik kiritilgan.

O‘zbekiston va «Tolibon» munosabatlari

So‘nggi yillarda rasmiy Toshkent «Tolibon»ning eng yaqin siyosiy va iqtisodiy hamkorlaridan biri bo‘lib kelmoqda. 2021-yilda respublika tuzumi ag‘darilganidan keyin O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlaridan tashqari «Tolibon» bilan iqtisodiy va siyosiy aloqalarni o‘rnatish hamda kengaytirishga eng ko‘p harakat qilgan davlat bo‘ldi.

O‘zbekistonning «Tolibon» boshqarayotgan Afg‘onistonga munosabati, avvalo, iqtisodiy manfaatlarga asoslangan. Toshkent Afg‘onistonni o‘z mahsulotlari va sarmoyalari uchun qulay bozor sifatida ko‘radi.
Aynan shu yondashuv O‘zbekistonni «Tolibon» bilan hamkorlik qilishdagi siyosiy xarajat va xavflarni qabul qilishga undadi. Bugun Afg‘oniston Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston va Turkiyadan keyin O‘zbekistonning beshinchi yirik savdo hamkori hisoblanadi.

Faqat 2026-yilning dastlabki besh oyida ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi qariyb 1 milliard dollarga yetdi. Shu doirada ikki tomon o‘rtasida iliq siyosiy munosabatlar ham shakllangan. Hatto Termiz shahrida qo‘shma savdo markazi tashkil etilgan bo‘lib, u ko‘plab tadbirkorlar va fuqarolarga vizasiz qatnash imkonini beradi. Biroq bu munosabatlar O‘zbekiston uchun xavf-xatarlardan ham xoli emas.

Teglar

Mavzuga oid