add

Trampning yordam mablag‘larini qisqartirishi 14 mln o‘limga olib kelishi mumkin

01.07.2025 | 17:0036254

Tramp ma’muriyatining AQSHning xalqaro gumanitar yordamlarini keskin qisqartirish qarori 2030 yilgacha 14 milliondan ortiq qo‘shimcha o‘lim holatiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda The Lancet jurnalida chop etilgan tadqiqotda qayd etildi.

Trampning yordam mablag‘larini qisqartirishi 14 mln o‘limga olib kelishi mumkin
The Lancet tibbiyot jurnalida chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Trampning xorijiy gumanitar yordamlarning asosiy qismi bo‘lgan USAID dasturlarini keskin qisqartirish qarori 2030 yilgacha 14 milliondan ortiq odamning erta va oldini olish mumkin bo‘lgan o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu o‘limlarning uchdan bir qismi bolalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Tadqiqot mualliflaridan biri, Barselona Global Sog‘liqni Saqlash Instituti olimlaridan Davide Rasella, USAID mablag‘larining qisqarishi ko‘plab mamlakatlar uchun global pandemiya yoki katta qurolli mojaro miqyosidagi shokga teng ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidladi. Tramp ma’muriyati 2025 yil mart oyida AQSH Davlat kotibi Marko Rubio orqali USAIDning 80 foizdan ortiq dasturlari bekor qilinganini e’lon qilgan. Rubioning so‘zlariga ko‘ra, qolgan 1 000 tacha dastur endilikda AQSH Davlat departamenti va Kongress bilan muvofiqlashtirilgan holda samaraliroq boshqariladi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, 2001–2021 yillar oralig‘ida USAID mablag‘lari 91 million o‘lim holatining oldini olgan. Ammo mablag‘lar 83 foizga qisqartirilsa, 2030 yilgacha 14 milliondan ziyod qo‘shimcha o‘lim sodir bo‘lishi mumkin. Ulardan taxminan 4,5 million nafarini besh yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil etadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH dunyodagi eng yirik gumanitar yordam ko‘rsatuvchi mamlakat bo‘lib, 60 dan ortiq davlatlarda USAID orqali faoliyat yuritib kelgan. Biroq, BMT xodimlarining ta’kidlashicha, vaziyat ayrim mamlakatlarda tobora yomonlashmoqda. Jumladan, Keniyadagi qochqinlar lagerlarida AQSH yordamlarining qisqarishi oqibatida oziq-ovqat normalari tarixdagi eng past darajaga tushgan. Keniyaning Kakuma shahrida BBS muxbirlari yordam qisqarishi tufayli ochlikdan aziyat chekayotgan bolalar holatini kuzatgan. Ular orasida tanasi haddan tashqari ozayib, teri qismlari qurib, ko‘chib ketgan bolalar ham bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid