add

Ukrainaning xavfsizlik kafolatlari Putinning qo‘lida — Politico

Bugun 19:593082 daqiqa

Yevropa davlatlari qanchalik faol pozitsiya tutmasin, tinchlikka erishish yo‘lidagi asosiy qarorlar Vashington va Moskva o‘rtasida hal bo‘lishi mumkin.

Ukrainaning xavfsizlik kafolatlari Putinning qo‘lida — Politico

AQSH tomonidan taqdim etiladigan xavfsizlik kafolatlari — Yevropa qanchalik aksini o‘ylashga urinmasin, Ukraina uchun tinchlikka erishishning yagona hayotiy yo‘lidir. Chunki Kiyevning yevropalik ittifoqchilari AQSHning moddiy-texnik ko‘magisiz hatto o‘zlarining ko‘p millatli kuchlarini ham mintaqada joylashtirishga qodir emas. Shunga qaramay, barcha ko‘rsatkichlar ushbu masalada haqiqiy kuch Rossiya qo‘lida ekanini anglatmoqda, deb yozadi Politico.

Nashrning qayd etishicha, Budapesht memorandumi muvaffaqiyatsizlikka uchraganini hisobga olib, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy hozirgi muzokaralarda bir nechta muhim jihatlarni e’tiborga olishi lozim.

Birinchidan, Ukraina prezidenti ishonchli xavfsizlik kafolatlari evaziga mamlakatning NATOga a’zo bo‘lish intilishidan voz kechishga tayyor ekanligi aytilmoqda. Shuningdek, ushbu kafolatlar tarkibiga 1000 kilometr masofagacha harakatlanuvchi «Tomahawk» qanotli raketalarini yetkazib berish bandi kiritilishiga umid qilinmoqda. Bu Ukrainaga Rossiyaning siyosiy va harbiy markazlariga zarba berish imkonini yaratadi va potensial ravishda Kremlni jangovar harakatlarni qayta boshlashdan tiyib turuvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.

Shu bilan birga, Zelenskiy shunga umid qilmoqdaki, faqat ijro etuvchi hokimiyat darajasidagi kelishuv bo‘lgan Budapesht memorandumidan farqli o‘laroq, har qanday yangi majburiyat yuridik jihatdan majburiy kuchga ega bo‘lishi, AQSH Vakillar palatasi va Senati tomonidan ratifikatsiya qilinishi hamda prezident tomonidan tasdiqlanishi lozim. Bunday rasmiy ratifikatsiya Ukrainaning xavfsizlik kafolatlarini AQSHning Yaponiya va Janubiy Koreya kabi davlatlar bilan tuzilgan ikki tomonlama xavfsizlik shartnomalari bilan bir xil huquqiy maqomga ko‘taradi.

«Shunday qilib, agar rasmiy ratifikatsiya masalasi ko‘rib chiqilsa, Zelenskiy bu Ukrainaga kelajakda Kongressga ta’sir o‘tkazish imkoniyatini taqdim etishiga va kuchli hamda birlashgan qo‘llab-quvvatlash saqlanib qolishini ta’minlashiga umid qiladi», — deya qayd etadi Politico.

Ammo bu holatda ham muayyan xavflar mavjud. Masalan, shu yozda Gaagadagi NATO sammitiga borayotgan samolyotda Tramp «5-moddaning ko‘plab talqinlari mavjud»ligini tilga olgan edi va u haq edi. 5-modda turlicha talqin qilinishi mumkin va u AQSHning Yevropa qit’asidagi uchinchi yirik urushga avtomatik ravishda tortilib ketishining oldini olish uchun ataylab shunday shaklda tuzilgan.

«Shu bois, AQSH haqiqatan ham Ukrainadagi vaziyatga bevosita aralashishga majbur qiluvchi kafolatlarni taqdim etishi shubhali. Ayniqsa, Vashington 2022 yildan buyon mamlakatning NATOga a’zo bo‘lish yo‘lini izchil to‘sib kelgani va urushda bevosita ishtirok etishdan qochishni ustuvor vazifa deb bilganini inobatga olsak», — deyiladi maqolada.

Nashrning ta’kidlashicha, undan tashqari, AQSH va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalar Yevropa va Ukraina muzokaralari bilan parallel ravishda davom etayotgan bir paytda, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning pozitsiyasi — bu kimga yoqish-yoqmasligidan qat’i nazar — muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid