Logo

UzAuto Motors xususiylashtirish uchun tenderga chiqariladi

Bugun 10:556 daqiqa

Kompaniyadagi davlat ulushlarini sotish bo‘yicha tenderlar yaqin vaqt ichida e’lon qilinadi. Davlat avtomobilsozlikdagi ikki yirik aktivning mos ravishda 99,7 va 100 foiz ulushini xususiy investorga o‘tkazishni rejalashtirgan. Ehtimoliy xaridor kim bo‘lishi mumkin?

UzAuto Motors xususiylashtirish uchun tenderga chiqariladi © Ijtimoiy tarmoqlar

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain’ni xususiylashtirish jarayonini tender bosqichiga olib chiqmoqda. Bu haqda Davaktiv agentligi direktorining o‘rinbosari Alisher Miraliyev 17-sentabr kuni «O‘zbekiston Respublikasi kapital bozori» VIII xalqaro Cbonds konferensiyasida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki kompaniya bo‘yicha tenderlar yaqin vaqt ichida e’lon qilinadi. Hozircha savdoning aniq sanasi va shartlari ochiqlanmagan.

Xususiylashtirish  2025-yildan beri kechiktirilyapti

UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain’ni xususiylashtirish rejasi prezidentning 2025-yil 21-apreldagi PQ–145-son qarori bilan tasdiqlangan.

Unga ko‘ra, UzAuto Motors Powertrain’ning 100 foiz ulushini 2025-yil IV choragida, UzAuto Motors’ning 99,7 foiz ulushini esa 2026-yil I choragida ommaviy savdolarga chiqarish belgilangandi.

Biroq belgilangan muddatda savdolar e’lon qilinmadi. 2026-yilning aprelida Davaktiv rahbariyati prezidentga UzAuto Motors va uning tarkibidagi korxonalarni sotishga tayyorgarlik haqida axborot berdi. Sentyabr oyiga kelib esa jarayon tenderlarni e’lon qilish bosqichiga yetdi.

Chevrolet ishlab chiqarish huquqi va GM bilan kelishuv

Hozirda UzAuto Motors Chevrolet brendi ostida avtomobillar ishlab chiqaradi. 2025-yilning noyabrida O‘zbekiston va AQSH sanoat hamda savdo sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishgan.

Kelishuvlarga ko‘ra, uch yil davomida 5 mlrd dollarlik avtomobil butlovchi qismlarini import qilish belgilangan.

Shuningdek, UzAuto Motors’ning savdosi va xususiylashtirilish jarayonlarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ishlar olib borilishi belgilangan.

«O‘zavtosanoat» va General Motors o‘rtasida 2017-yil oktabrda 10 yillik alyans shartnomasi imzolangan.

Hujjat UzAuto Motors’ga GM modellari, Chevrolet brendi va General Motors texnologiyalaridan foydalanish, shuningdek, avtomobillarni MDH davlatlariga eksport qilish imkonini bergan. Bu huquqlar evaziga kompaniya Amerika tomoniga royalti to‘laydi.

Masalan, UzAuto Motors’ning 2024-yil uchun moliyaviy hisobotida General Motors’ga to‘langan royalti miqdori 86 mln dollardan oshgani ko‘rsatilgan. 

Tomonlar o‘rtasidagi amaldagi alyans shartnomasi 2027-yilda o‘z yakuniga yetadi.

Zavodni kim sotib olishi mumkin?

Autostrada tahliliga ko‘ra, Chevrolet ishlab chiqarish huquqi tugashiga bir yil qolgan zavodni GM bilan yangi kelishuvsiz sotib olish investor uchun manfaatli bo‘lmasligi mumkin. Shu bois ehtimoliy xaridor GM bilan bog‘liq kompaniya bo‘lishi va amaldagi hamkorlik davom ettirilishi mumkin.

Davaktivning ma’lum qilishicha, investor avtomobil sanoatida tajribaga ega bo‘lishi, kompaniyaga qo‘shimcha mablag‘ kiritishi, ishlab chiqarishni kengaytirishi va yangi mahsulotlarni o‘zlashtirishi kutilmoqda. Mahalliy va xorijiy investorlar uchun cheklov belgilanmagan.

Ehtimoliy xaridorlardan biri sifatida Xitoyning SAIC-GM-Wuling (SGMW) ham tilga olingan. Bu — SAIC Motor, General Motors va Guangxi Automobile Group qo‘shma korxonasi. 2026-yil avgust oxirida GM ushbu kompaniya bilan Janubiy Amerika bozori uchun yangi mahsulotlarni birgalikda baholash bo‘yicha kelishuvga erishgan. 

UzAuto Motors’dagi Tracker, Captiva va Onix kabi modellar Xitoy va Lotin Amerikasi bozorlaridagi model qatorlari bilan texnologik jihatdan yaqin. Shuningdek Asakada Tracker va Onix uchun mahalliylashtirilayotgan ayrim detallar ham asosan Xitoy xomashyosi va butlovchi qismlari asosida tayyorlanadi.

Shu bilan birga, 2025-yilning mayida O‘zbekiston hukumati, GM va UzAuto Motors vakillari xususiylashtirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, lokalizatsiyani kengaytirish va strategik investorlarni jalb qilish masalalarini muhokama qilgan.

Kompaniya daromadlari qanday?

2026-yilning birinchi choragida UzAuto Motors’ning sof foydasi 648 mlrd so‘mni tashkil qildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16 foizga kam.

Shu bilan birga, kompaniyaning umumiy tushumi o‘sib, 9,7 trln so‘mdan 10,9 trln so‘mga yetgan. Yalpi foydada ham sezilarli o‘sish kuzatilgan — u bir yil ichida 1 trln so‘mdan 1,9 trln so‘mga ko‘tarilgan.

Biroq sotuv bilan bog‘liq xarajatlarning keskin oshishi kompaniyaning yakuniy moliyaviy natijasiga ta’sir qilgan. Mahsulotlarni sotish xarajatlari 349 mlrd so‘mdan qariyb 1 trln so‘mgacha ko‘paygan. Natijada operatsion foydadagi o‘sish nisbatan cheklangan. U 1,5 foizga oshib, 750 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Kompaniyaning kredit profili ham xususiylashtirishda muhim omil bo‘ladi. 2025-yilning noyabrida Moody’s UzAuto Motors’ning Ba3 kredit reytingini va barqaror prognozini saqlab qolgan. Agentlik yangi yevroobligatsiya chiqarilishi kompaniyaning likvidlik xavfini kamaytirishi va 2026-yilning mayida muddati tugaydigan 300 mln dollarlik obligatsiyani qayta moliyalashtirishga yordam berishini qayd etgan.

Shu bilan birga, Moody’s kompaniyaning ichki bozorga yuqori darajada bog‘liqligi, xususiy ishlab chiqaruvchilar raqobatining kuchayishi, model qatori cheklangani va GM bilan litsenziya kelishuviga qaramligini asosiy xavflar qatorida ko‘rsatgan. GM bilan kelishuv 2027-yildan keyin uzaytirilmasa, bu kompaniyaning kredit bahosiga salbiy ta’sir qilishi mumkinligi ham qayd etilgan.

Shu nuqtai nazardan, UzAuto Motors qiymatini baholashda tushum va foyda bilan birga qarz majburiyatlari, pul oqimi, raqobat muhiti va GM bilan hamkorlikning kelajakdagi shartlari ham hisobga olinadi.

Avtomobil ishlab chiqarish

2025-yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda 457 ming 900 ta yengil avtomobil ishlab chiqarildi. Bu 2024-yilga nisbatan 6,7 foiz ko‘p. Biroq ishlab chiqarish hajmi o‘sgani bilan avtomobillarning sotuvi xuddi shu sur’atda oshmadi.

2025-yilda UzAuto Motors’ning bozordagi ulushi 87,9 foizdan 84,2 foizga tushdi. Chevrolet avtomobillari savdosi atigi 0,5 foizga o‘sgan bir paytda, Malibu, Equinox, Tahoe va Captiva kabi modellar sotuvida pasayish kuzatildi. Aksincha, Kia, BYD, Chery va Haval avtomobillari savdosi mos ravishda 32, 40, 50 va 172 foizga oshdi. 

2026-yilda Chevrolet’ning bozordagi ustunligi yana qisqardi. Yanvar–fevral oylarida UzAuto Motors’ning ulushi 52 foizga tushdi, Cobalt sotuvi esa yillik hisobda 25,1 foizga kamaydi. Shu davrda BYD Uzbekistan sotuvlari 61 foizga oshdi. 

Keyingi oylarda ham pasayish davom etdi. Keyingi 5 oyda UzAuto Motors’ning bozordagi ulushi 55,9 foizdan 47,1 foizga, Chevrolet’niki esa 82,3 foizdan 78,4 foizga tushdi. Shu davrda 69,3 mingta Cobalt ishlab chiqarilgan, ammo 35,2 mingtasi sotilgan. Natijada modelning sotuvi yillik hisobda 35,4 foizga qisqargan. 

Shu bilan birga, boshqa ishlab chiqaruvchilarning hajmi va bozordagi ishtiroki oshib bormoqda. 2025-yilda Chevrolet’ning mamlakatdagi yengil avtomobil ishlab chiqarishidagi ulushi 83,2 foizgacha pasaygan. Demak, bozorda bir tomondan UzAuto Motors mahsulotlarining sotuvi va ulushi qisqarayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan raqobatchilarning mavqei kengaymoqda.

UzAuto Motors qanday tashkil topgan?

UzAuto Motors’ning tarixi 1990-yillarga borib taqaladi. 1993-yilda Daewoo Motor va «O‘zavtosanoat» O‘zbekistonda yengil avtomobil ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Shu asosda Andijon viloyatining Asaka tumanida Uz-Daewoo Auto qo‘shma korxonasi tashkil etilgan. 1996-yilda zavod konveyeridan Daewoo Tico, Daewoo Damas va Daewoo Nexia avtomobillari ishlab chiqarila boshlangan. Keyinchalik model qatoriga Matiz va Lacetti ham qo‘shilgan.

2005-yilda qo‘shma korxonadagi Koreya tomonining ulushi O‘zbekiston tomonidan sotib olingan. 2008-yilda esa «O‘zavtosanoat» General Motors bilan yangi qo‘shma korxona tashkil etib, uni GM Uzbekistan deb nomlagan.

Shundan so‘ngm, O‘zbekiston ichki bozorida sotiladigan avtomobillar Chevrolet brendi ostida ishlab chiqarila boshlangan. Keyinchalik qo‘shma korxonaning qolgan ulushlari ham O‘zbekiston tomonidan xarid qilinib, kompaniya UzAuto Motors nomi bilan faoliyatini davom ettirgan.

Ma’lumot uchun, Davaktiv shu konferensiyada Mobiuz bo‘yicha jarayon haqida ham ma’lum qilgan edi. Agentlik mobil operatorning 100 foiz aksiyalarini yil oxiriga qadar yangi investorga topshirishni rejalashtirmoqda.

Iyun oyidagi savdolarda AQSHning McKim and Company kompaniyasi boshchiligidagi konsorsium g‘olib chiqqan. Tomonlar aksiyalar uchun 351 mln dollar to‘lash va kompaniya infratuzilmasini rivojlantirishga yana 500 mln dollar yo‘naltirish bo‘yicha kelishgan. Shartnoma imzolanib, dastlabki to‘lovlar amalga oshirilganidan so‘ng Mobiuz boshqaruvi investorga o‘tishi rejalashtirilgan.

Teglar

null null

Zilola Xolto'rayevaMaqolalar soni: 33

Barchasi

Mavzuga oid