add

UzAuto Motors’ning bozordagi ulushi sezilarli darajada kamaydi

Bugun 12:092 daqiqa

2025 yilda O‘zbekiston avtomobil bozorida umumiy sotuv o‘sgan bo‘lsa-da, UzAuto Motors’da pasayish kuzatildi. Xorijiy brendlar sotuvi esa ortdi.

UzAuto Motors’ning bozordagi ulushi sezilarli darajada kamaydi

2025 yilda O‘zbekistonda mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalar jami 427 ming 97 ta avtomobil sotdi. Bu 2024 yilga nisbatan 24 ming 706 taga yoki 6,1 foizga ko‘p bo‘lib, bozorda umumiy talab o‘sganini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, UzAuto Motors’ning bozordagi ulushi 87,9 foizdan 84,2 foizgacha qisqardi.

11

O‘tgan yil davomida mamlakat avtomobil sanoatida bir qator tarkibiy o‘zgarishlar kuzatildi. Xususan, UzAuto Motors ishlab chiqarish quvvatlarining bir qismini Xorazm viloyatidagi filialiga ko‘chirdi. Bu qaror ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan bo‘lsa-da, bozorda raqobat sezilarli darajada kuchayganini ko‘rsatmoqda.

2025 yilda Chevrolet modellarining sotuvi 2024 yilga nisbatan 0,5 foizga o‘sdi. Biroq kompaniyaning umumiy sotuv hajmi o‘sganiga qaramasdan, bozor ulushi pasayishi iste’molchilar tanlovida o‘zgarish yuz berayotganidan dalolat beradi. Ayniqsa, UzAuto Motors’ning yuqori toifadagi Malibu, Equinox, Tahoe va Captiva modellariga bo‘lgan talab sezilarli kamaydi.

Xorijiy brendlarga qiziqish oshdi

2025 yilda xorijiy brendlar faolligi keskin ortdi. KIA sotuvlari 32 foizga, BYD 40 foizga, Chery 50 foizga, Haval 172 foizga, Isuzu esa 38 foizga oshdi. Ushbu kompaniyalar asosan yuqori toifadagi avtomobillarni taklif qilishi bozorda qimmat segmentga talab ortib borayotganini ko‘rsatadi.

22

Modellar kesimida esa 2025 yilda ham Cobalt eng ko‘p sotilgan avtomobil bo‘lib qoldi. Damas va Tracker modellari o‘z mavqeini saqlab qoldi. Shu bilan birga, boshqa brendlar segmentida ham o‘sish kuzatildi. Jumladan, KIA Sonet modeli sotuvi bir yil ichida 2,5 barobarga ko‘paydi.

Ma’lumot o‘rnida, avvalroq UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Traverse va Chevrolet Damas’ning yangi modellarini taqdim etgani haqida xabar bergan edik.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida UzAuto Motors 9 oyda 1,3 trln so‘m soliq to‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid